Jahon | 11:00
1363
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi yo‘lovchi poyezdiga dron bilan zarba berdi: halok bo‘lganlar bor

Rossiya dronlari Xarkiv viloyatidagi yo‘lovchi poyezdiga hujum qildi. Zarba paytida poyezdda 200 nafardan ortiq odam bor edi. Ikkita dron yo‘nalish yoniga qulagan, uchinchisi esa vagonga teggan. Hozircha 5 kishi halok bo‘lgani ma’lum.

Foto: Sofiia Gatilova/REUTERS

RF armiyasi seshanba, 27 yanvar kuni Xarkiv viloyatidagi Yazikovoye qishlog‘i yaqinida yo‘lovchi poyezdni hujumkor dronlar bilan nishonga oldi. “Chop — Xarkov — Barvenkovo” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan poyezdda zarba vaqtida 200 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Xarkiv viloyati prokuraturasi xabariga ko‘ra, ikki dron yo‘nalish yoniga qulagan, uchinchisi esa vagonga urilib, yong‘in kelib chiqqan.

Hozircha besh nafar halok bo‘lgan insonning tanasi parchalari topilgani ma’lum. Qurbonlarni DNK ekspertizasi orqali aniqlashmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yo‘lovchi poyezdga berilgan zarbani “terrorizm” deb baholadi.

“Poyezd vagonidagi tinch aholini yo‘q qilishda hech qanday harbiy maqsad yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Xususan, o‘sha poyezdda 200 nafardan ortiq odam bor edi. Rossiya dronlaridan biri urilgan vagonda esa 18 kishi bo‘lgan”, — deb yozdi Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida va hujum oqibatlari aks etgan videoni e’lon qildi.

27 yanvar kechasi Rossiya tomonidan berilgan zarba natijasida Xarkiv shahri va viloyatining 80 foizi elektr ta’minotisiz qolgan. Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati (VHM) rahbari Oleg Sinegubovning aytishicha, zarbalar “Tornado-S” yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi hamda Shahed turidagi dronlar yordamida amalga oshirilgan.

Xarkiv 26 va 24 yanvar kunlari ham hujumlarga uchragan. Shahar meri Igor Terexov ko‘p qavatli uylar, tug‘uruqxona, maktab va bolalar bog‘chasi binolari zarar ko‘rganini ma’lum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid