Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Marinera tankeri dengizchilari Rossiya va Qrimdagi uyiga qaytdi
AQSh harbiylari tomonidan ushlangan Marinera tankerining ikki nafar dengizchisi uyiga - Astraxan va Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi Kerch shahriga qaytib keldi. Bu kema Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘lanadi. Yanvar boshida uni AQSh harbiylari sanksiyalarni buzgani va Venesuela neftiga nisbatan “karantin”ni aylanib o‘tgani uchun ushlagan.
Foto: US European Command/AFP
AQSh harbiylari yanvar boshida ushlagan Marinera (Bella 1) tankeridan bo‘lgan ikki nafar dengizchi uyiga — Astraxan va Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrimdagi Kerch shahriga qaytib keldi. Bu haqda yakshanba, 1 fevral kuni Rossiyaning TASS axborot agentligi ulardan biri — kerchlik Maksim Karpenkoga tayanib xabar qildi. Ikkinchi qaytgan dengizchining ismi xabarda aytilmadi.
Karpenko aytishicha, kema ushlanganidan keyingi 19 kun davomida u yaqinlari bilan bog‘lana olmagan, chunki britaniyalik va amerikalik harbiylar ularning aloqa vositalarini olib qo‘ygan. Hozir u va unga hamroh bo‘lgan dengizchida “hammasi joyida”, deb ta’kidladi u.
28 yanvar kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova TASSga “Marinera tankeridan ikki nafar rossiyalik dengizchi” ozod qilingani va Rossiyaga yo‘l olganini bildirgan edi.
Dekabr oxirida AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Karib dengizida Venesuela sohillari tomon yo‘l olayotgan Bella 1 neft tankerini ushlashga uringan. AQShda kemani sanksiyalarni buzgani, Eron neftini tashigani va Venesuela nefti bo‘yicha “karantin”ni buzgani uchun hibsga olish orderi bo‘lgan. Tanker ekipaji amerikalik harbiylarning talablariga bo‘ysunmagan, yo‘nalishni o‘zgartirgan va kema bort qismiga Rossiya bayrog‘ini ilib qo‘ygan.
Bir necha kundan so‘ng kema Marinera deb qayta nomlangan va Rossiya dengiz registriga kiritilgan. “Novaya gazeta. Yevropa” yozishicha, tanker Qrimdan bo‘lgan bir biznesmenga tegishli bo‘lishi mumkin.
Shundan keyin amerikalik harbiylar quvishni davom ettirgan. Ikki hafta davom etgan ta’qibdan keyin tanker 7 yanvar kuni Shimoliy Atlantikada, Shotlandiya sohillari yaqinida ushlangan. 26 yanvar kuni mahalliy sud kema kapitani va ekipajiga nisbatan har qanday harakatlarni vaqtincha to‘xtatish haqida qaror chiqargan. Ammo ertasi kuni shotlandiyalik sudya bu qarorni bekor qilgan.
28 yanvar kuni AQSh Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Marinera kapitani — 47 yoshli Gurjiston fuqarosi Avtandil Kalandadze va uning birinchi yordamchisini (uning fuqaroligi aniqlanmagan) AQShga olib ketgani ma’lum bo‘ldi.
The New York Times yanvar boshida yozishicha, Rossiya hokimiyati 31 dekabr kuniyoq kemani quvishni to‘xtatishni so‘ragan. Biroq Donald Tramp ma’muriyati Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kemaga yaqinlashgan paytda u “soxta bayroq” ostida suzayotganini bildirib, tanker hech bir davlatga tegishli emas, degan pozitsiyada qolgan.
Mavzuga oid
10:35
Rossiyada jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qaytarilishi mumkin
09:04
Rossiya benzin eksportini iyul oxirigacha to‘xtatdi
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:57 / 02.04.2026