Jamiyat | 09:18
1134
5 daqiqa o‘qiladi

“Yuzimni buzib qo‘yishdi” – Toshkentda soxta kosmetologlar jinoiy jazoga tortildi

Toshkent shahrida er-xotin kosmetologiya ochib, oliy tibbiy ma’lumot va sertifikatga ega bo‘lmagan holda plastik operatsiyalarni amalga oshirib kelgani aniqlandi. Amaliyotlarni ayol bajargan, turmush o‘rtog‘i esa unga ko‘maklashib turgan. Ular bir nechta mijozga tan jarohati yetkazishgan. Erkak sud zalidan qamoqqa olindi, ayolga esa ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinlandi.

Foto: Freepik

Toshkentda soxta kosmetolog er-xotin jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, 41 yoshli F.R. hamda uning 38 yoshli turmush o‘rtog‘i oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan holda Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasida joylashgan kosmetologik markazida plastik amaliyotlarni bajarib kelgan. Ular terini kesish bilan bog‘liq plastik amaliyotni bajarishlarini ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilib kelishgan.

2025 yil 3 aprel kuni er-xotin ularning reklamasiga ishonib kelgan mijozni hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli tarzda plastik operatsiya qilgan. Buning oqibatida ayolning peshona va ko‘zlari atrofi yiringlab, tabiiyligini yo‘qotgan, yuzi esa xunuklashib qolgan. 

Sudga oid tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, bu kabi muolajalar tibbiyot oliygohini tamomlagan oliy toifali plastik jarroh tomonidan amalga oshirilishi kerak: kosmetolog yoki tibbiyot oliygohida o‘qiyotgan talaba tomonidan o‘tkazilishi noto‘g‘ri hisoblanadi. Er-xotin mijozda ikki quloq oldi yuzasi chakka sohalari terisini tortish maqsadida kesib, jarrohlik operatsiyasi o‘tkazishgan. Operatsiyadan keyin jarohat yiringlab ketishi oqibatida mijoz uzoq vaqt kosmetologlarga qatnab, davolangan. Ayol ko‘rikdan o‘tkazilganda uning operatsiyadan keyingi jarohati to‘liq bitmagan holatda bo‘lgan va yaradan suyuqlik ajralishi kuzatilgan.Jinoyat ishida yana bir ayol jabrlanuvchi bo‘lgan. Er-xotin uni 2025 yil 22 iyun kuni plastik operatsiya qilgan. Oqibatda ushbu mijozning ham peshona va ko‘zlari atrofi yiringlab, tabiiyligini yo‘qotgan.

Er-xotin sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.

O‘zim Moskvada tibbiy universitetida bilim oldim, ammo diplom olishga ulgurmadim. Mashhur jarroh Timur Haydarovning shogirdi bo‘laman. Hozirda Qirg‘iziston tibbiy universitetida sirtdan ta’lim olaman. Toshkentdagi “D kosmetologiya” yonidan bir xona ijaraga olib, videolarga tushgan holda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qildim. Oldimga kelgan shaxslarga xijoma, zuluk qo‘yish, yuz, labni shishirish, tatuaj va boshqa xizmatlarni ko‘rsatib keldim. Turmush o‘rtog‘im bo‘sh vaqtlarida kelib, menga yordam berib turgan.

 2025 yil 22 iyun kuni mijoz yuzini plastik operatsiya qildirmoqchi bo‘ldi. U operatsiyaga roziligi bo‘yicha tilxat yozib berdi. Erim mijozning yuzini kesdi, qolgan ishlarni men bajardim. Mijoz kattaroq kesishni so‘radi. Biz unga ko‘zi ochilib qolishini aytdik. U hech narsa bo‘lmaydi, kesavering, dedi. Erim ayolning yuzini kattaroq kesdi, men esa tikib qo‘ydim.

Mijoz xursand bo‘ldi. Lekin oradan vaqt o‘tgach, u norozi bo‘lib, shantaj qilish yo‘liga o‘tdi va pulini qaytarib bermasak, ustimizdan shikoyat qilishini aytdi. Biz unga o‘zi bergan 400 dollarni qaytardik. Oradan bir hafta o‘tgach, mijoz yana norozi bo‘lib keldi va biz operatsiya qilib, uning yuzini to‘g‘rilab berdik”, degan soxta kosmetolog suddagi o‘z ko‘rsatmasida.

Har ikki jabrlanuvchi ayol soxta kosmetolog er-xotinni ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalari orqali topib borishganini, ular yuzlarini buzib qo‘yganini, tan jarohati olishganini aytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2026 yil 28 yanvardagi hukmi bilan er-xotin Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 2-qismi “b,v,g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Ayolga 3 yil ozodlikni cheklash, erkakka esa 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilangan va erkak sud zalidan qamoqqa olingan.

Avvalroq Toshkentda soxta kosmetolog xavfli retsidivist bo‘lib chiqqandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров

Mavzuga oid