Jahon | 14:28 / 06.02.2026
4368
3 daqiqa o‘qiladi

Eron korpusi Fors ko‘rfazida ikki tankerni ushladi

IIMK Fors ko‘rfazida ushlagan ikki tankerdan 15 nafar ekipaj a’zosi Eron huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi. Tehron versiyasiga ko‘ra, kemalar “bir million litrdan ortiq kontrabanda yonilg‘i” tashigan.

Foto: AP

Eron Qurolli kuchlarining elita qismlari hisoblangan Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) harbiy-dengiz kuchlari Fors ko‘rfazida chet ellik ekipajlar bo‘lgan ikki neft tankerini ushladi. Bu haqda payshanba, 5 fevral kuni Eronning Tasnim axborot agentligi xabar qildi.

Eron tomoni versiyasiga ko‘ra, kemalar “bir million litrdan ortiq kontrabanda yonilg‘i” tashigan. Ekipaj a’zolarining fuqaroligi va tankerlar qaysi bayroq ostida yurgani haqidagi ma’lumot hozircha oshkor qilinmagan.

Jami 15 nafar ekipaj a’zosi Eron huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirilgan, ular sud oldida javob beradi.

Eron qurolli kuchlari Tehron Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida noqonuniy savdoda ishtirok etganlikda ayblaydigan tankerlarni muntazam ravishda musodara qiladi. AFP agentligi qayd etishicha, gap dunyoda neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri haqida ketmoqda.

Eronda yonilg‘i narxi dunyodagi eng pastlardan bo‘lgani uchun, xomashyoni boshqa mamlakatlarga kontrabanda qilish ayniqsa daromadli hisoblanadi.

Bundan oldin, 3 fevral kuni Reuters agentligi va The Wall Street Journal gazetasi olti nafar qurollangan Eron kateri Ho‘rmuz bo‘g‘ozida (Ummondan taxminan 30 km shimolda) AQSh bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Stena Imperative tankeriga yaqinlashganini xabar qilgan edi.

Eron katerlaridan tanker jamoasiga dvigatelni to‘xtatish va abordajga tayyorlanish buyrug‘i berilgan, ammo Stena Imperative tezlikni oshirib, harakatni davom ettirgan — keyinchalik AQSh harbiy kemasi kuzatuvi ostida bo‘lgan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi, Arab dengizi va Hind okeani bilan bog‘laydi. Ushbu dengiz yo‘li orqali jahon neft qazib olish hajmining taxminan beshdan biri tashiladi. 2025 yil iyunida IIMK harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi vakili AQSh tomonidan hujum bo‘lgan taqdirda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini berkitib qo‘yish bilan tahdid qilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid