Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Estoniya Rossiyadan urush ishtirokchilarini Shengenga kiritmaydi
Tallin Moskva tomonida turib Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yana 1073 nafar rossiyalikning Shengen hududiga kirishini taqiqladi. Bu qaror umumiy xavfsizlik manfaatlariga javob beradi, deb izohladi ichki ishlar vaziri Taro.
Estoniya Ukrainaga qarshi Rossiya olib borayotgan urushda Moskva tomonida qatnashgan yana 1073 nafar rossiyalikning Shengen hududiga kirishini taqiqladi. Estoniya ichki ishlar vaziri Igor Taro juma kuni, 6 fevralda aytishicha, bu qadam «umumiy xavfsizligimiz manfaatlariga javob beradi». Uning ta’kidlashicha, «Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan agressiyasi — insoniyatga qarshi eng dahshatli jinoyatlardan biri».
Ichki ishlar vaziri qayd etishicha, agressiya qilgan davlat buning «bahosi»ni to‘lashi kerak, u ayniqsa Yevroittifoqning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini alohida ta’kidladi. «Bunday bo‘lishi mumkin emas: bugun odamlarni o‘ldirasan, ertaga esa madaniy Yevropada dam olasan», — dedi u. Taroning so‘zlariga ko‘ra, u so‘nggi paytlarda bu masalani Tallinning xorijiy hamkorlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda bir necha bor ko‘targan. «Agressorning yuz minglab askarlarini stop-ro‘yxatga kiritish yukini birgalikda bo‘lishishimiz muhim», — deya tushuntirdi vazir.
Estoniya yanvar oyi boshida Rossiya tomonidagi urush ishtirokchilariga nisbatan Shengen hududiga kirish bo‘yicha ilk taqiqlarni joriy etgan edi. O‘shanda ro‘yxatga 261 nafar kishi kiritilgan. Rasmiy Tallin Ukrainada jang qilgan rossiyaliklar sonini taxminan 1,5 million deb baholaydi, shulardan taxminan 640 ming nafari hali ham frontda ekani aytilmoqda.
Bir kun oldin Estoniya hukumati Rossiya bilan chegaradagi «Luxamaa» va «Koydula» nazorat-o‘tkazish punktlari orqali tungi harakatni uch oyga yopish to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu chora 24 fevraldan kuchga kiradi. Tallinda bu qaror «Rossiya tomonidan kelib chiqqan chegara hodisalari» bilan izohlangan.
Mavzuga oid
10:35
Ukraina Germaniya ishlab chiqarayotgan 600 ta raketaga buyurtma berdi
11:35 / 21.06.2026
Kapotnyadagi zavodga zarba oqibatlari. Kosmosdan ko‘rinish
09:32 / 20.06.2026
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026