Jahon | 10:26
982
3 daqiqa o‘qiladi

Odessaga hujum: bir kishi halok bo‘ldi, gaz quvuri shikastlandi

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 9 fevralga o‘tar kechasi Odessaga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan qilingan hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, turar joylar va gaz quvuri shikastlangan. Qayd etilishicha, ommaviy hujum faqat shaharning o‘ziga emas, balki viloyatga ham to‘g‘ri kelgan.

Foto: Telegram / odesaMVA

Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak xabar berishicha, Rossiya dushanbaga o‘tar kechasi, 9 fevralda Odessaga dronlar bilan hujum qilgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, turar joy binolari va gaz quvuri shikastlangan.

“Xususan, ko‘p qavatli uy tomida yong‘in chiqdi, gaz quvuri shikastlandi, shuningdek yengil avtomobillar va yashash uchun mo‘ljallanmagan bir inshoot yongani qayd etildi”, — deb yozdi Lisak o‘zining Telegram kanalida. Turar joy infratuzilmasiga yetgan zarar haqida viloyat davlat ma’muriyati rahbari Oleg Kiper ham o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy hujum faqat shaharga emas, balki butun viloyatga ham yo‘naltirilgan.

Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kecha Rossiya armiyasi Kursk, Oryol, Bryansk, Primorsko-Axtarsk va Shatalovo tomonlaridan Shahed turidagi 101 ta zarbali dron, “Gerbera”, “Italmas” hamda boshqa turdagi uchuvchisiz apparatlar bilan Ukrainaga hujum qilgan.

Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat Kramatorskka (Donetsk viloyati) aviabomba tashlangani haqida xabar berdi: natijada 77 yoshli ayol halok bo‘lgan, 40–48 yoshdagi yana uch nafar erkak yaralangan. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati ma’lum qilishicha esa, Xersonning markaziy qismi va Korabelniy tumani reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlaridan o‘qqa tutilgan.

Umuman olganda, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, bir hafta ichida RF mamlakatga 116 ta raketa, 1200 ta boshqariladigan aviabomba va 2000 tadan ortiq dron qo‘llagan holda hujum qilgan. “Deyarli har kuni ular (RF QK — tahr.) energetikaga, logistika infratuzilmasiga, turar joylarga zarba beradi. Va bu tinchlik yo‘lida diplomatik ish olib borilayotgan paytda ham davom etmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Ukrainaning chegaradosh Belgoroddagi energetika obektlariga qilgan hujumlari va ular sabab isitish tizimida muammolar kelib chiqqani fonida Rossiya shahri hokimiyati evakuatsiya uchun arizalar qabul qilish boshlanganini e’lon qildi. Maktab yoshidagi bolalar, shuningdek ko‘p bolali oilalar, nogiron bolali oilalar va yolg‘iz yashovchi keksa pensionerlarni Rossiyaning boshqa hududlariga hamda qo‘shib olingan Qrimga ko‘chirib o‘tish taklif qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid