33 yoshli aka-ukalar hamda Fransiyaning yana uch fuqarosiga ikki marta qotillik hamda yana bir necha bor qotillikka urinish holatlari yuzasidan ayblov qo‘yilgan. Gap 2020 yil sentabrida sodir bo‘lgan voqealar haqida ketmoqda.

Prokurorlar taxminiga ko‘ra, ayblanuvchilar Parijning chekka hududlarida faoliyat olib boruvchi jinoiy to‘da a’zolari hisoblanadi.

Har ikki aka-uka jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanmoqda, ammo asosiy savollardan biri – hujumlardan birida foydalanilgan avtomatda aynan kimning genetik materiali aniqlangani – ochiq qolmoqda.

Politsiya xodimi sudda ekspertlar ulardan qaysi biri tepkini bosganini baribir topa olmaganini aytdi. «Ularni faqat onasi farqlashi mumkin», – degan tergovchilardan biri sudda.

Xabar qilishlaricha, sud zalidagi muhit o‘ta asabiy bo‘lgan. Payshanba kuni egizaklar o‘rnidan turishdan bosh tortgani uchun sud zalidan olib ketilgan.

Politsiya aka-ukalar o‘zlarining o‘xshashligidan foydalanib, sodir etgan jinoyatlari izlarini yashirishganini ta’kidlagan. Le Parisien politsiyachilardan biriga asoslanib yozishicha, ular tez-tez kiyimlari, telefonlari va hujjatlarini almashib turishgan.

Bu kabi bir xil egizaklar bitta urug‘langan tuxum hujayraning bo‘linishidan, bir-biriga o‘xshash va jinsi bir xil bo‘lib tug‘iladi. Ularning DNKsi mutlaqo bir xil, shuning uchun mutaxassislar quroldan aynan kimning genetik materiali topilganini aniqlay olmaydi.

Endi tergovchilar telefon suhbatlari, tashqi kuzatuv kameralari va eshitish materiallari orqali aka-ukalardan qaysi biri otishmada aybdorligini aniqlashga harakat qilmoqda.

Sud ushbu ish bo‘yicha fevral oyi oxirida qaror chiqarishi kutilmoqda.

Bir xil, ammo butunlay emas

Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar ba’zi hollarda bir xil egizaklarning ham genetik namunalarini farqlash imkonini beradi.

Guardian gazetasi yozishicha, 2025 yil avgustida AQShda egizaklardan biriga ilk bor DNK tahlili asosida hukm o‘qilgan. Hakamlar o‘shanda 1987 yilda sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik uchun 54 yoshli Rassel Marrubioni aybdor deb topishgandi.

O‘shanda tergov paytida topilgan DNK ikki egizak aka-ukaga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan va jinoyatni fosh etishga urinishlar to‘xtatilgandi.

Ammo qariyb 40 yil o‘tganidan keyin olimlar tuxum hujayra bo‘linganidan keyin sodir bo‘lgan ba’zi noyob mutatsiyalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.