Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Markaziy banki bank kartalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratadi
Rossiya Markaziy banki mamlakat fuqarolarining bank kartalari haqida yagona ma’lumotlar bazasini bir yil ichida yaratadi. Bu haqda dushanba, 9 fevral kuni Davlat dumasining IT-qo‘mitasi yig‘ilishida raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Ivan Lebedev ma’lum qildi.
RBK nashri keltirgan iqtibosga ko‘ra, bazada “har bir fuqaroning nechta kartaga egaligi va ular qaysi bankda rasmiylashtirilgani” ko‘rsatiladi.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, MB va Raqamli rivojlanish vazirligi ushbu loyiha ustida “yaxshi ishlagan”, “barcha nozik masalalar hal etilgan”. “Bugungi konstruksiya ham fuqarolar ehtiyojlariga, ham davlatning bu sohani tartibga solish vazifalariga javob beradi”, — deya qo‘shimcha qilgan Lebedev, biroq tafsilotlarni keltirmagan.
Bank kartalari egalari uchun yagona reyestr yaratilishi Markaziy bankning o‘zi tomonidan ham tasdiqlangan. Regulyator matbuot xizmati reyestr “Antifrod 2.0” qonun loyihasi doirasida ishlab chiqilayotganini bildirgan. Gap Rossiya hukumati tomonidan 2025 yil dekabr oyida Davlat dumasiga kiritilgan kiberfiribgarlikka qarshi kurash bo‘yicha ikkinchi choralar paketi haqida ketmoqda. Unda fuqarolarni himoya qilishga qaratilgan yigirmaga yaqin tashabbus bor.
Shular qatorida bank kartalari soniga cheklov kiritish ham mavjud: bir bankda — 5 tadan ko‘p emas, barcha kredit tashkilotlari bo‘yicha esa umumiy hisobda 20 tadan ko‘p emas. Markaziy bank tushuntirishicha, turli banklarda bir shaxs nomiga ochilgan kartalarning umumiy sonini hisobga olish uchun shu reyestr kerak bo‘ladi.
2025 yil mart oyida Davlat dumasi fuqarolarni telefon va internet firibgarlaridan himoya qilish haqida qonun loyihasini qabul qilgan. Hujjat quyidagilarni nazarda tutadi: jinoyatchilar ovozlari bazasini yaratish, davlat organlari va banklarga fuqarolar bilan xorijiy messenjerlar orqali bog‘lanishni taqiqlash, shaxsiy ishtiroksiz sim-karta rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish imkoniyati, shuningdek, sim-kartalarni yaqin qarindoshlardan tashqari uchinchi shaxslarga berishni taqiqlash.
Bundan tashqari, qonun loyihasida spamga qarshi choralar ham bor. Xususan, abonentlar roziligisiz ommaviy telefon qo‘ng‘iroqlari, shuningdek, telefon suhbati davomida sms-xabar yuborish taqiqlanadi. Hujjatda aytilishicha, abonent ommaviy qo‘ng‘iroqlar va tarqatmalarni qabul qilishdan voz kechish huquqiga ega, operator esa bunday rad javobini olgandan keyin ularni to‘xtatishi shart.
Mavzuga oid
10:20 / 21.03.2026
O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 71 mlnga yaqinlashdi
12:28 / 07.06.2025
Rossiya banki 2022 yil kuzidan beri birinchi marta asosiy stavkani pasaytirdi
15:06 / 29.11.2024
Bitta shaxs nomiga ochiladigan bank kartalarining soni bo‘yicha cheklovlar qanday bo‘ladi?
12:56 / 28.11.2024