O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Japarov uzoq yillik ittifoqchisini ishdan oldi
10 fevral kuni prezident Sadir Japarov uzoq yillik ittifoqchisi va Qirg‘izistondagi ikkinchi eng ta’sirli amaldor — Qamchibek Tashiyevni Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etdi.
Prezident bu qarorni «jamiyatda va davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish, birlikni mustahkamlash maqsadida» qabul qilganini bildirgan.
Shuningdek, Tashiyevning uch nafar o‘rinbosari va xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasodiqov ham lavozimidan ozod etilgan.
Tashiyev o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov milliy xavfsizlik qo‘mitasiga vaqtinchalik rais etib tayinlandi.
Qamchibek Tashiyev 2020 yildan buyon yuqori darajadagi lavozimlarda ishlab kelayotgandi. O‘sha yili u va Japarov saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi iddaolardan keyingi namoyishlar to‘lqinida hokimiyatga kelgan.
Japarov va Tashiyev tarafdorlari ularni respublikada uzoq davom etgan siyosiy beqarorlikka chek qo‘ygan va hokimiyatni markazlashtirgan yetakchilar sifatida ko‘radi.
Tanqidchilar esa ularni ilgari Markaziy Osiyodagi eng demokratik davlat sifatida qaralgan Qirg‘izistonda muxolifat va erkin ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazishda ayblaydi.
Xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik idorasining sobiq rahbari hozir Germaniyada davolanmoqda.
Tramp Eronga bosimni oshirmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp davom etayotgan diplomatik muzokaralar fonida Yaqin Sharqqa ikkinchi aviatsiya tashuvchi zarba guruhini yubormoqchi.
«U yerga yo‘l olgan armadamiz bor va yana bittasi ham yuborilishi mumkin», dedi Tramp. U Axios nashriga qo‘shimcha joylashtirish masalasini «ko‘rib chiqayotganini» tasdiqlagan.
AQSh rasmiysi ham ichki muhokamalar davom etayotganini tasdiqladi. Ikkinchi zarba guruhi hozir mintaqada joylashgan Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasiga qo‘shilishi mumkin.
Tramp Eron oldiga ikki yo‘lli tanlov qo‘ydi: «Yoki kelishuvga erishamiz yoki o‘tgan safargidek juda qat’iy choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi u. Bu bilan u o‘tgan yil iyun oyidagi AQSh zarbalarini nazarda tutdi.






