Jahon | 11:14
704
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya razvedka xizmati: Rossiya 2026 yilda NATOga hujum qilmaydi

Yevropa Kremlni NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini sinchiklab baholashga majbur qiladigan darajada yetarli choralar ko‘rdi, deyiladi Estoniya razvedka xizmatining yillik hisobotida.

Foto: Jaap Arriens/NurPhoto/IMAGO

Rossiya yaqin vaqt ichida Estoniyaga yoki NATOning boshqa biror mamlakatiga hujum qilish niyatida emas, deyiladi Estoniya Tashqi razvedka departamentining xalqaro xavfsizlik bo‘yicha yillik hisobotida. Hisobot 10 fevral, seshanba kuni e’lon qilingan. Hujjatning kirish qismida idora direktori Kaupo Rozin ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin Yevropa Kremlni keskinlikni oshirish xavflarini sinchiklab o‘lchashga majbur qiladigan choralar ko‘rgan. Shu sababli, Estoniya tashqi razvedkasi 2027 yilda ham xuddi shunday xulosaga kelishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi Rozin.

U Rossiya harbiy salohiyatini oshirayotgan bir paytda NATO davlatlarini mudofaa sohasiga sarmoya kiritishni davom ettirishga chaqirdi. “Rossiya hisob-kitoblarida kuchlar muvozanati hamisha bizning foydamizga bo‘lishi kerak”, — deya xulosa qildi Estoniya maxsus xizmati rahbari.

Estoniya tashqi razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi (HSM) Moskvaga qarshi joriy qilingan xalqaro sanksiyalar oqibatlarini his qilmoqda, ammo ularni aylanib o‘tishni o‘rgangan. 2021 yildan buyon RF HSM artilleriya o‘q-dorilarini ishlab chiqarishni 17 baravardan ko‘proq oshirgan. Hisobot mualliflari buni Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotganiga qaramay, yangi mojaroga tayyorlanayotganidan dalolat, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Rossiya qurolli kuchlarning barcha turlari uchun ko‘p miqdorda uchuvchisiz apparatlar (dronlar) ishlab chiqarmoqda. Shuning uchun hujjat mualliflari fikricha, NATO davlatlari ehtimoliy mojaroda RF dronlarni quruqlikda, havoda va dengizda qo‘llashi mumkinligiga tayyor turishi lozim.

Hisobot mualliflari, shuningdek, fuqarolik iqtisodiyoti pasayish bosqichiga kirgan bir paytda Rossiya mudofaa sektori aynan o‘sha fuqarolik iqtisodiyoti qisqarishi hisobiga kengayib borayotganini ta’kidlaydi. Biroq Estoniya tashqi razvedkasiga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotining to‘liq kollapsi ehtimoli past.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid