Oʻzbekistonda yillar davomida hujjatsiz qolib ketgan uy-joy va yer uchastkalariga nisbatan huquqni eʼtirof etish uchun birinchi umumdavlat aksiyasi – 2018-yil 20-apreldagi 5421-sonli prezident farmoni bilan qabul qilingan boʻlsa, ikkinchi “aksiya” 2024-yildagi 937-sonli qonun bilan qabul qilindi.

Qonunning maqsadi - uzoq yillardan buyon amalda mavjud boʻlgan, biroq hujjatlari birinchi umumdavlat aksiyasida ham toʻliq rasmiylashtirilmagan koʻchmas mulk obektlarini qonuniylashtirishdir. Ammo qonundagi ayrim normalarning oʻzi yoki ularni qoʻllashdagi xatoliklar bugungi kunda yangi muammolarni paydo qilmoqda.

Shaxsiy amaliyotim asosida Buxoro shahrida kuzatilgan holatlar shunday xulosalarga kelishni taqozo qilmoqda. Masala birgina xonadon yoki bitta kadastr hujjati haqida emas. Muammo yuqoridagi qonunning 12-moddasini qoʻllash, yerning qachon egallanganini toʻgʻri aniqlash va 6 sotixdan ortiq maydonni avtomatik ravishda dehqon yoki tomorqa xoʻjaligi uchun yer sifatida qayd etish amaliyoti bilan bogʻliq.

Qonunda 6 sotix qayerdan paydo boʻlgan?

937-sonli qonunning amaldagi tahriri 12-moddasiga koʻra, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasi 1999-yil 1-yanvarga qadar egallangan boʻlsa, barcha hududlarda 0,24 gektardan - yaʼni 24 sotixdan - koʻp boʻlmagan maydonga ijara huquqi eʼtirof etiladi. Agar yer 1999-yil 1-yanvardan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa, Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyat markazlarida bu miqdor 0,06 gektar - 6 sotix, qolgan hududlarda esa 0,12 gektar - 12 sotix etib belgilangan.

Qonunga bunday qoidaning kiritilish tarixi esa Yer kodeksi bilan bogʻliq. Aynan ilk bor 0,06 gektar - 6 sotixlik cheklov Yer kodeksi orqali kuchga kirgan.

Muhim jihat shuki, 2026-yil 15-iyundagi 1153-sonli qonun bilan 12-moddadagi vaqt chegarasi oʻzgartirildi: avvalgi “1998-yil 1-iyul” sanasi “1999-yil 1-yanvar” sanasiga almashtirildi. Shu sababli bugungi amaliyotda aynan 1999-yil 1-yanvar sanasi mezon sifatida olinishi kerak.

12-modda yana shuni ham belgilaydiki, yakka tartibdagi uy-joy egallagan yerning amaldagi maydoni qonundagi limitdan oshsa, ortiqcha qismga boʻlgan ijara huquqi, boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazmasa, dehqon yoki tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun eʼtirof etiladi.