14-avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligining Telegram-kanalida dronlar tasviri aks etgan va «Qishda sizni muzqotish kutmoqda» degan yozuvli post e’lon qilindi. Post «Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlarini ko‘zlab foydalanilayotgan port infratuzilmasi va dengiz kemalariga» zarbalar berilgani haqidagi xabardan so‘ng chiqarildi.

Bir necha soat o‘tgach, Ukraina Qurolli kuchlari Strategik kommunikatsiyalar markazi o‘z kanalida Rossiya harbiy idorasiga javob e’lon qildi: «Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari olovi bilan isinamiz».

Shuningdek, bugun Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov hozirgi to‘qnashuv chizig‘ida jangovar harakatlarni to‘xtatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ma’lum qildi:

«Gap bugun kimningdir qanday qulay yashayotganida emas, bizning odamlarimiz azob chekmoqda, bu terrorchilik harakatlaridan halok bo‘lmoqda. Gap… Rossiya davlatining ming yillik tarixi oldidagi mas’uliyatimiz haqida bormoqda».

Lavrov Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini kuchaytirishini aytib, «Biz buni allaqachon qilmoqdamiz. Ular ingray boshladi», – deb qo‘shimcha qildi.

Bir kun avval, 13-avgust kuni, Reuters o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Ukraina uchinchi tomon orqali Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik ob’yektlariga hujumlarni o‘zaro to‘xtatish taklifini yuborgan, chunki mintaqadagi jangovar harakatlar global oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini xavf ostiga qo‘ygan.

Bundan bir necha kun oldin Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidon Anqara Kiyev va Moskvaga Qora dengizdagi tijorat kemalariga zarba berishga moratoriy joriy etish mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflar yo‘llaganini aytgandi. «Rossiya tomoni rasmiy kanallar orqali bu tashabbus shartlarini aniqlashtiruvchi rasmiylashtirilgan turk murojaatini olgani yo‘q», – deb bayonot berdi 14-avgust kuni Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova.

Iyun oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vladimir Putinga ochiq maktub e’lon qilib, unda yetakchilarning bevosita uchrashuvini hamda muzokaralar davomida butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan edi.

2022-yildan boshlab har kuzda Rossiya Qurolli kuchlari qishda mamlakatni elektr energiyasi va issiqlikdan mahrum qilish uchun Ukrainaning energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirib keladi. Jumladan, 2024-yil kuzida Rossiya deyarli barcha yirik issiqlik elektr stansiyalariga zarar yetkazib, Ukrainaning umumiy elektr ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 80 foizini ishdan chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Kelgusi qish arafasida Rossiya Qurolli kuchlari asosan Sumi, Chernigov va Xarkov viloyatlaridagi elektr tarmoqlari infratuzilmasini (nimstansiyalar va elektr uzatish liniyalarini) vayron qilishga e’tibor qaratmoqda.