Rossiya muxolifati yetakchisi va Vladimir Putinning asosiy muxolifi Aleksey Navalniy ikki yil oldin qamoqxonada vafot etgandi. U 2022 yilda «Novichok» bilan zaharlanganidan keyin Germaniyada davolanib qaytganida qo‘lga olingandi. Rossiya rasmiylari o‘sha zaharlanishga aloqadorligini rad etgan, shuningdek, Navalniy qamoqxonada tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etganini ma’lum qilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, qamoqxonadagi o‘limdan keyin uning oilasi xorijga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan biomateriallarda epibatidin moddasi topilgan.
The Insider nashri yozishicha, biomateriallarni o‘rgangan bir necha laboratoriya ekspertlari bir-biridan mustaqil ravishda shunday xulosaga kelishgan. Ular bir vaqtning o‘zida beshta mamlakatda – Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiyada o‘rganildi.
Epibatidin – Janubiy Amerikadagi zaharli qurbaqalar (Epipedobates tricolor) terisidan ajralib chiquvchi toksin bo‘lib, u Rossiyada ochiq tabiatda uchramaydi.
U 1974 yilda kashf etilgan neyrotoksin, lekin tuzilishi faqat 1992 yilga kelib to‘liq o‘rganilgan. Modda og‘riq qoldiruvchi ta’sirga ega bo‘lgani tufayli (shu bilan birga, o‘rgatib qo‘yish xususiyati bo‘lmagan) olimlar uzoq vaqt davomida epibatidin asosida og‘riq qoldiruvchi vosita ishlab chiqarishga harakat qilishadi, ammo moddaning xavfsiz dozasini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.
Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribaga ko‘ra, epibatidin yuqori qon bosimi, nafas olish tizimidagi falajlik, tutqanoq hamda komani keltirib chiqaradi va oxir-oqibat o‘limga olib keladi.
Siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya Yevropa davlatlariga haqiqatni ochib bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.
«Birinchi kundanoq erim zaharlanganiga ishonchim komil edi, ammo endi buning isboti bor: Putin Alekseyni kimyoviy qurol bilan o‘ldirgan. Men Yevropa davlatlaridan ikki yil davomida olib borilgan mashaqqatli mehnat va haqiqatni ochib berganlari uchun minnatdorman. Vladimir Putin – qotil. U barcha jinoyatlari uchun jazosini olishi kerak», – deb yozdi Yuliya Navalnaya 14 fevral kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ekspertlarning xulosalariga izoh berarkan.
Navalniy tomonidan asos solingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi rahbari Mariya Pevchix «zahar hech qanday tasodifiy yo‘l bilan Qutb doirasi ortidagi qishloqda joylashgan koloniyadagi hibsxona kamerasiga borib qolishi mumkin emasligi»ni ta’kidladi. «Zahar u yerga Vladimir Putinning buyrug‘i bilan borgan», – dedi u.
Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya va Niderlandiya Aleksey Navalniyning epibatidin bilan zaharlangani haqida qo‘shma bayonot e’lon qildi – va Moskvani Kimyoviy qurol to‘g‘risidagi konvensiyani buzishda aybladi. «Navalniy qamoqxonada vafot etdi. Bu Rossiyada unga bu zaharni yuborish uchun vosita, motivlar va imkoniyat borligini anglatadi», – deyiladi bayonotda.















