Xitoy provinsiyalarida bo‘shab yotgan uy-joy majmualarini ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim uylar jihozlab, derazalariga parda ilingan, uy qarshisidagi bog‘lar obod qilib qo‘yilgan. Ammo, qorong‘i tushishi bilan, xonadonlar bo‘m-bo‘shligi ma’lum bo‘ladi – uyda yashab, chirog‘ini yoqadigan odam yo‘q. Xo‘sh, 1,4 milliard aholiga ega Xitoyda nega uy-joylarga talab tushib ketdi?

Xitoy so‘nggi 20 yil ichida shu qadar tez rivojlandiki, ko‘pchilik ekspertlar va tahliliy markazlar rasmiy Pekin tez orada dunyoning eng boy va qudratli davlati bo‘lgan AQShga yetib olishi va uni ortda qoldirishi bo‘yicha prognozlar bera boshladi. Ammo kutilmaganda jiddiy muammo paydo bo‘ldi. Bu mamlakat ko‘chmas mulk sektoridagi chuqur inqiroz bilan bog‘liq.

Xitoy provinsiyalarini aylanib, bo‘shab yotgan uy-joy majmualarini ko‘plab uchratish mumkin. Ayrim uylar jihozlab, derazalariga parda ilingan, uy qarshisidagi bog‘lar obod qilib qo‘yilgan, lekin qorong‘i tushishi bilan, ular bo‘m-bo‘shligi ma’lum bo‘ladi – uyda yashab, chirog‘ini yoqadigan odam yo‘q. Ya’ni xaridor yo‘q. Xo‘sh, 1,4 milliard aholiga ega Xitoyda nega uy-joylarga talab tushib ketdi?

Urbanizatsiya to‘lqini

Xitoyda “ko‘chmas mulk bumi”ning ildizi 1998 yildagi islohotlarga borib taqaladi. O‘shanda hukumat uy-joy tizimini xususiylashtirishga ruxsat bergandi. Bu esa dunyo tarixidagi eng yirik urbanizatsiya to‘lqiniga ulanib ketdi. Qariyb yarim milliard xitoylik qishloqlardan shaharlarga ko‘chib o‘tdi. Natiajada 1990 yillarda Xitoy aholisining atigi 30 foizi shaharlarda yashagan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 65 foizga yetdi. Ko‘chib kelayotgan odamlar uchun uy-joy shunchaki boshpana emas, balki ijtimoiy status darajasiga ko‘tarildi.

Yillar davomida xitoyliklar uchun ko‘chmas mulk – kelajakka asosiy sarmoya edi. Bank depozitlari stavkalari har doim kommunistik partiya tomonidan belgilab berilgan, ijtimoiy yordam esa rivojlanmagan. Shu sababli xitoyliklar an’anaviy ravishda ko‘chmas mulkka investitsiya kiritib, kelajak hayot uchun pul jamg‘arishgan. Shuningdek, urbanizatsiya va aholining o‘sishi shaharlarda uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlab keldi. "Uy narxi hech qachon tushmaydi", degan qarash odamlar ongiga qattiq o‘rnashib olgandi.

Inqiroz nimadan boshlandi?

Xitoyning Evergrande, Country Garden kabi gigant qurilish kompaniyalari juda xatarli, ammo o‘sha payt uchun samarali model asosida ishlab keldi. Quruvchilar poydevorni ham qo‘ymasdan, uylarni qog‘ozda sotar va xalqdan pul yig‘ib olardi. Shuningdek, kelajakdagi sotuvlar garovga qo‘yilib, banklardan ulkan miqdorda qarz olindi. Yig‘ilgan pullar joriy binoni bitirishdan ham ko‘ra yangi yer uchastkalarini sotib olishga sarflandi. Natijada quruvchilar mamlakatdagi eng qarzdor kompaniyalarga aylandi. Masalan, Evergrande guruhining qarzi 300 milliard dollardan oshib ketdi. Bu ko‘plab davlatlarning yillik budjetidan kattaroq raqam.