Jahon | 15:20 / 26.02.2026
1701
4 daqiqa o‘qiladi

Orban Kiyevni Vengriya energetikasiga hujumlar rejalashtirishda aybladi

Hech qanday dalil keltirmasdan, Viktor Orban Ukrainani Vengriyadagi energetika obektlarida diversiyalar tayyorlayotganlikda aybladi. Shu fonda u infratuzilmani qo‘riqlashga harbiylarni jalb etishini va’da qildi.

Foto: Benoit Doppagne/BELGA

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban mamlakatning energetik infratuzilma obektlarini qo‘riqlashni kuchaytirish haqida topshiriq berdi va bunga sabab sifatida go‘yo Ukrainaning Vengriya energetikasiga hujum qilish rejalari mavjudligini ko‘rsatdi. Bu haqda siyosatchi chorshanba, 25 fevral kuni o‘zi tuzgan Mudofaa kengashi yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.

“Men Ukrainaning Vengriya energetika tizimi ishini izdan chiqarish uchun yangi harakatlar tayyorlayotganini ko‘ryapman. Shuning uchun men muhim energetik infratuzilmani himoya qilishni kuchaytirishni topshirdim”, — deydi bosh vazir ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatida. Orban bu da’vo uchun hech qanday dalil keltirmagan.

Orbanning so‘zlariga ko‘ra, boshqa choralar qatorida Ukraina Karpatorti viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Sabolch-Satmar-Bereg ma’muriy hududi ustida dronlar parvoziga taqiq joriy qilinadi. Shuningdek, Vengriya energetikasiga “hujumlarning oldini olish” uchun qo‘shimcha miqdorda harbiylar va politsiyachilar jalb etiladi — Orban qo‘riqlash qaysi obektlarda kuchaytirilishi va bu ishga qancha odam jalb qilinishi haqida aniq aytmadi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘rt yildan ortiq davom etayotgan to‘liq ko‘lamli bosqini davrida Ukraina kuchlarining Vengriyadagi obektlarga hujum qilgani yoki shunday diversiyalar tayyorlayotgani haqida xabarlar bo‘lmagan. 2025 yilda esa aksincha holat kuzatilgan: Kiyev Budapeshtni Vengriya dronlari Ukraina havo hududini buzganlikda ayblagan.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, venger dronlari Ukraina chegaraga yaqin hududlaridagi sanoat salohiyatini razvedka qilgan bo‘lishi mumkin, deb aytgan o‘shanda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto esa bunga javoban Zelenskiy “Vengriyaga qarshi” va unga “dahshatli tushlar ko‘rinyapti”, deb yozgan, ammo keyinroq Orban Vengriya dronlari Ukraina havo hududiga kirib qolgani faktini “ehtimol” deb tan olgan.

Shu bilan birga, Vengriya bosh vaziri mazkur voqea uchun uzr so‘ramadi. Orbanning aytishicha, Ukraina g‘arbidagi venger dronlariga emas, mamlakat sharqidagi Rossiya dronlariga e’tibor qaratishi kerak. U yana Ukrainani “mustaqil davlat emas”, shuning uchun “suveren davlat kabi o‘zini tutishi kerak emas”, deb ham aytgan.

Viktor Orban Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordam choralarini va RFga qarshi sanksiyalar paketlarini bir necha bor to‘sib kelgan. Shuningdek, Orban Vengriya Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishini hech qachon qo‘llab-quvvatlamasligini aytadi — Zelenskiy esa bunga qat’iy turib olgan.

Yanvar oyida Kiyev va Budapesht o‘rtasidagi qarama-qarshilik Rossiya neftini Vengriyaga yetkazib beradigan “Drujba” neft quvuri orqali ta’minot to‘xtagani sababli yanada kuchaydi (quvurning bir qismi Ukraina hududidan o‘tadi). Kiyevning ta’kidlashicha, RF hujumlaridan keyin neft quvuriga uzoq ta’mirlash ishlari kerak. Budapesht esa Ukraina “Drujba” ta’mirini siyosiy sabablar bilan cho‘zyapti, deb hisoblaydi.

Shu holatlar fondida Vengriya Moskvaga qarshi YeIning navbatdagi sanksiyalar paketiga va Kiyevga yordam paketi bo‘yicha qarorga veto qo‘ydi — bu qarorlar RFning Ukrainaga bostirib kirishi to‘rt yilligiga kelib ma’qullanishi rejalashtirilgan edi. Shuningdek, Budapesht Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatib turishini ham e’lon qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid