Baxtiyor Saidov o‘zining ma’lum qilishicha, muloqot avvalida so‘nggi voqealar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan Eron tomoniga ta’ziya izhor etildi. Shuningdek, jabrlangan oilalarga nisbatan hamdardlik bildirildi.

Tomonlar suhbat davomida mintaqadagi hozirgi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Qayd etilishicha, har qanday keyingi keskinlashuv jiddiy gumanitar va xavfsizlik oqibatlariga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni barcha kelishmovchilik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini ta’kidladi. Suhbat chog‘ida barcha muammolar faqat muloqot va diplomatiya orqali hal etilishi lozimligi haqidagi qat’iy va izchil pozitsiya yana bir bor tasdiqlandi.

Tomonlar mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash xalqaro hamjamiyat uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.