Avvaliga qarorgohi Londonda joylashgan Iran International sun’iy yo‘ldosh telekanali, keyin esa New York Times gazetasi manbaga asoslanib, Mujtaba Xominaiy Eron islom respublikasining oliy rahbari lavozimiga asosiy nomzod ekani haqida xabar tarqatdi – u urushning ilk kunida halok bo‘lgan oyatulloh Ali Xominaiyning o‘g‘li hisoblanadi. Uni oldin ham bir necha bor otasining o‘rnini egallash uchun asosiy nomzd sifatida ko‘rsatishgandi.
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Eronning yangi oliy rahbarini saylash uchun mas’ul bo‘lgan Ekspertlar kengashi bu qaror haqida chorshanba kuni tongdayoq e’lon qilishga tayyor edi, ammo bu xabar kichik Xominaiyni AQSh va Isroil zarbalarining yangi nishoniga aylantirishi mumkinligi borasidagi xavotirlar tufayli uni yangi rahbar sifatida e’lon qilish keyinroqqa qoldirilgan.
Mujtaba Xominaiy 2000-yillardayoq otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilardi. O‘shanda OAV uni oliy rahbarga eng yaqin kishilardan biri deb atagan.
Mujtaba Xominaiy kim o‘zi?
Mujtaba Xominaiy – oyatulloh Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, 1969 yilda Mashhadda tug‘ilgan. 1979 yilgi inqilobdan keyin butun oila Tehronga ko‘chib o‘tgan, Ali Xominaiy o‘shanda mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimini olgandi.
1987 yilda Mujtaba Xominaiy maktabni tamomlaydi. Shundan keyin armiyada xizmat qiladi, xizmatning oxirgi ikki yili Iroq bilan urushga to‘g‘ri keladi. Aynan o‘sha davrda Mujtaba Xominaiy Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan yaqinlashgani aytiladi.
1989 yilda – islom inqilobi yetakchisi oyatulloh Ruhulloh Humayniyning vafotidan keyin Ali Xominaiy Eronning yangi diniy rahnamosi etib saylanadi. Mujtaba bu orada diniy ta’lim oladi va ta’limni davom ettirish maqsadida 1999 yilda shialar uchun musulmon ilohiyotining asosiy markazlaridan bo‘lgan Qum shahriga boradi.
Qumda Mujtabaga konservativ va ultrakonservativ diniy arboblar dars beradi. Keyinchalik uning o‘zi ham madrasada dars bera boshlaydi, ammo baribir oyatulloh diniy maqomiga erisha olmaydi.
Mujtaba 2000-yillarda G‘ulom-Ali Haddod Odilning qiziga uylanadi – u 2004 yildan 2008 yilga qadar Eron parlamenti spikeri bo‘lgan. WikiLeaks ma’lumotlariga ko‘ra, 2007 yilda oilada birinchi farzand – o‘g‘il tug‘ilgan.
Mujtabaning rafiqasi va o‘g‘li ham urushning ilk kunida – 28 fevral kuni halok bo‘lishdi – ular ham zarba vaqtida Ali Xominaiyning yonida bo‘lishgan. Reuters agentligi manbalarga tayanib yozishicha, Mujtabaning o‘zi esa shu kuni Tehronda emasdi.










