2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa va harbiy samolyotlardan foydalanib zarbalar berdi. Oqibatda Eron oliy ruhoniysi, amalda mamlakatning ikki rahbaridan biri bo‘lgan Ali Xominaiy halok bo‘ldi. Bu shaxs bir paytlar Eron prezidenti ham bo‘lgan va amalda u 1981 yildan buyon hokimiyat tepasida edi.

Ali Xominaiy o‘ldirilgani haqida birinchi bo‘lib Reuters agentligi xabar berdi. So‘ng Isroil tomoni va AQSh prezidenti Donald Tramp ham uning o‘ldirilganini aytib chiqdi.

Biroq 28 fevral tunda Eron OAVlari Ali Xominaiy o‘ldirilganini rad etib, u “AQSh va Eronga qarshi harbiy harakatlarni qat’iyat va sobitlik bilan boshqarib turganini” ta’kidladi.

1 mart tongda Eron OAVlari mamlakat oliy rahbari Ali Xominaiy o‘ldirilganini tasdiqladi. Mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilingani haqida xabar tarqatildi. Xo‘sh, Xominaiy hokimiyat tepasiga qanday kelgan edi?

Ozarboyjon oilasidan chiqqan inqilobchi

Ali Xominaiy 1939 yilda Eronning Mashhad shahrida ozarboyjon oilasida tug‘iladi. Ha, ajablanmang. Eronda aholining qariyb yarmi ozarboyjonlar bo‘lib, ular asosan mamlakatning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismida yashaydi.

Foto:alamy.com

Shu o‘rinda bir ma’lumot, ozarboyjonlar Eronda hokimiyat tepasiga kecha, bugun kelib qolgan emas. Muhammad Shayboniyni yengib, Safaviylar davlatini tuzgan shoh Ismoil Safaviy ham ozarboyjon bo‘lgan.

1736 yilda Safaviylar davlati qulaydi va Eronda hokimiyat tepasiga yana bir ozarboyjon sulolasi – Afshorlar keladi. 1796 yilda ular o‘rniga boshqa bir ozarboyjon sulolasi – Qojarlar Eronni boshqara boshlaydi.

1925 yilda hozirda quvg‘inda yurgan Rizo Pahlaviyning bobosi Rizo Pahlaviy Qojarlar sulolasini yiqitadi va Eron shohiga aylanadi. Biroq o‘shandan keyin, hatto 1979 yilda sodir bo‘lgan inqilobdan so‘ng ham ozarboyjonlarning Eronda yuqori lavozimlarni egallashi davom etadi.

Masalan, hozirda Eron prezidenti bo‘lib turgan Mas’ud Pizishkiyon ham ozarboyjon millatiga mansub. Ya’ni Erondagi ikki rahbar – oliy rahbar va prezident ozarboyjon millati vakillari hisoblanadi.

Endi Ali Xominaiyga qaytsak, uning otasi Erondagi mashhur ulamolarning biri bo‘lgan. Xominaiy 19 yoshida Qum shahriga ko‘chib o‘tadi va shu yerda Ruhulloh Humayniy bilan tanishadi. Uning shohga qarshi harakatlarga qo‘shilishiga aynan Humayniy katta ta’sir ko‘rsatgan deyiladi.