Jahon | 13:12
3344
3 daqiqa o‘qiladi

Bahrayndagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga zarba berildi 

Bapco davlat kompaniyasi yetkazib berishda fors-major holatini e’lon qilgan – bu favqulodda holat tufayli kompaniya tomonidan energiya resurslari yetkazib berilishi to‘xtatilishini anglatadi.

Foto: Reuters

Bahrayndagi eng yirik energetika kompaniyasi sanalgan Bahrain Petroleum Company (Bapco) davlat kompaniyasi 9 mart kuni fors-major holati tufayli neft mahsulotlarini yetkazib berishni to‘xtatdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bunga Al-Mamirdagi neftni qayta ishlash zavodida ro‘y bergan kuchli yong‘in sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda yong‘in tufayli ushbu zavod ustida tutun ustuni ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Bapco bayonotida kompaniya faoliyatiga «Yaqin Sharqda davom etayotgan mintaqaviy mojaro va uning neftni qayta ishlash majmuasiga yaqinda qilingan hujum ta’sir ko‘rsatgani» qayd etilgan. Mamlakat ichkarisidagi iste’molchilar ehtiyoji qondirilishi ta’kidlangan.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q, yetkazilgan zarar miqdori aniqlashtirilmoqda. Mahalliy rasmiylar yong‘inga Eronning navbatdagi zarbasi sabab bo‘lganini ma’lum qilishgan.

O‘tgan haftada Qatardagi QatarEnergy davlat kompaniyasi ham fors-major holatini e’lon qilgandi (bu yuridik protsedura favqulodda holatlar fonida kompaniyani shartnoma majburiyatlaridan ozod qilishi mumkin). Bu holat ham kompaniyaning ishlab chiqarish obektlariga zarbalar tufayli ro‘y bergandi. Qatar energetika vazirligi keyinroq AQSh va Isroil Eronga qarshi urushni to‘xtatmaydigan bo‘lsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari yaqin orada energetika resurslari eksportini to‘xtatishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

  • AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi urush boshlagan, Eron esa bunga javoban Yaqin Sharq mamlakatlariga raketa va dronlar bilan zarba berishga kirishgandi. Eron harbiylari Amerikaning mintaqadagi harbiy bazalarini ham, infrutazilma obektlarini ham, jumladan, yoqilg‘i-energetika komplekslari obektlarini ham o‘qqa tutmoqda. Bunday zarbalar tufayl, shuningdek, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishi ortidan (bu dunyoda neft tashiladigan asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi) narxlar keskin ko‘tarildi. 9 mart kuni Osiyo birjalarida bir barrel neft narxi 120 dollarga yaqinlashgan – bunaqasi 2022 yildan buyon kuzatilmagandi.
     
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid