Iqtisodiyot | 08:57
2575
3 daqiqa o‘qiladi

Neft narxi 2022 yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi

Erondagi urush tufayli neft narxlari qariyb 20 foizga sakrab, 2022 yildagi darajaga yetdi. Neft bozoridagi eng muhim omillardan biri - Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi uzoq vaqt davom etishi mumkinligi haqidagi xavotirlardir.

Foto: Majid Asgaripour / WANA / Reuters / Scanpix / LETA

AQSh va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi fonida neft narxi 2022 yildan beri ilk bor 100 AQSh dollaridan oshib ketdi. Yevropada etalon hisoblangan Brent markali neft fyucherslari 9 mart, dushanba kuni savdo boshida vaqtincha qariyb 20 foizga qimmatlashib, bir barrel (159 litr) uchun 111,04 dollargacha ko‘tarildi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi.

Amerikaning West Texas Intermediate (WTI) markali neft fyucherslari esa 16,8 foizga o‘sib, 106,17 dollarga yetdi. Bu narx savdo jarayonida bundan ham yuqori — 111,24 dollargacha chiqqan edi.

6 mart, juma kuni, may oyida yetkazib berish uchun mo‘ljallangan Brent nefti 2024 yil aprelidan beri birinchi marta 90 dollardan yuqori narxda savdo qilindi. Holbuki, 28 fevraldan beri davom etayotgan Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanishidan oldin, uning narxi bir barrel uchun taxminan 70 dollar atrofida edi.

Neft bozoridagi eng muhim omil bo‘lib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq vaqtga to‘silib qolishi mumkinligi haqidagi xavotirlar qolmoqda. Tinchlik davrida ushbu bo‘g‘oz orqali har kuni jahondagi neft hajmining taxminan 20 foizi tashiladi. U, shuningdek, masalan, Qatardan suyultirilgan tabiiy gazni tashishda ham katta ahamiyatga ega.

Jahon neft bozorida vaziyat taranglashgan sharoitda, AQSh moliya vaziri Skott Bessent 6 mart kuni Vashington tankerlarga allaqachon yuklangan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Shu kuni AQSh Hindiston neftni qayta ishlash zavodlarini tankerlarga yuklab bo‘lingan Rossiya neftini sotib olishga qo‘yilgan taqiqdan 30 kunga ozod qildi, toki “neft jahon bozoriga yetkazib berilishda davom etsin”.

7 mart kuni Isroil ilk bor Eronning neft infratuzilmasiga havo zarbalari berdi — Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obekti hujumga uchradi.

Bunga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Fors ko‘rfazi davlatlaridagi neft obektlariga hujum qilish bilan tahdid qildi. The Guardian gazetasi IIMK vakilining quyidagi so‘zlarini keltirgan: “Agar bir barrel neft narxi 200 dollardan oshishiga chiday olsangiz, o‘yinni davom ettiring”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid