Jahon | 15:25
447
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya: Rossiyalik hakerlar Signal va WhatsApp’ga buzib kirishga urinmoqda

Niderlandiya harbiylari, amaldorlari va jurnalistlari rossiyalik hakerlar gumon qilinayotgan messenjerlarni buzish bo‘yicha global kampaniyadan jabrlangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Niderlandiyaning ikki razvedka idorasi ma’lum qildi.

Foto: picture-alliance/dpa/W. Kastl

Rossiyalik hakerlar Signal va WhatsApp messenjerlarini buzish bo‘yicha global kampaniyani boshladi. Niderlandiyada amaldorlar, harbiy xizmatchilar va jurnalistlar messenjerlarining buzilgani haqida ushbu mamlakatning ikki razvedka idorasi — qirollikning Umumiy razvedka va xavfsizlik xizmati (AIVD) hamda Harbiy razvedka va xavfsizlik xizmati (MIVD) 9 mart, dushanba kuni qo‘shma bayonotda ma’lum qildi

Razvedka xizmatlari shunday bayonot berdi: “Rossiyalik hakerlar, ehtimol, maxfiy ma’lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan”.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar ikki bosqichli autentifikatsiya uchun mo‘ljallangan kodlarni aldab olishga va shaxsiy akkaunt yoki guruh chatlariga kirishga urinmoqda. Reuters agentligi qayd etishicha, Signal messenjerida hakerlar o‘zini Signal Support qo‘llab-quvvatlash xizmati chat-boti sifatida ko‘rsatib, ehtimoliy qurbonlarni kodlarni oshkor qilishga undaydi.

Buzishning yana bir usuli — Signal’dagi “bog‘langan qurilmalar” funksiyasidan foydalanishdir. Niderlandiya razvedka idoralari ta’kidlashicha, kontaktlar ro‘yxatida ikki xil bir xil foydalanuvchi paydo bo‘lishi yoki telefon raqamlari “o‘chirilgan akkauntlar” sifatida ko‘rinishi akkaunt buzilganini anglatishi mumkin.

AIVD va MIVD ta’kidlashicha, bu hodisalar “keng ko‘lamli global kiberkampaniya”ning bir qismi hisoblanadi. Ular yana qaysi davlatlar jabrlangan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi.

Bundan tashqari, Niderlandiya idoralari kiberxavflar haqida ogohlantirish e’lon qilgani, hukumatdagi hamkasblarini mavjud zaifliklar haqida xabardor etgani va tahdidni bartaraf etishda yordam ko‘rsatgani aytildi.

MIVD direktori, vitse-admiral Piter Reysink shunday ogohlantirdi: “Hatto boshidan oxirigacha shifrlash mavjud bo‘lsa ham, Signal va WhatsApp kabi messenjerlardan maxfiy, konfidensial yoki muhim axborotni uzatish kanali sifatida foydalanmaslik kerak”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid