Iqtisodiyot | 14:02 / 14.03.2026
2593
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi

2025 yil 10 iyunda imzolangan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim prezident qarori bilan tasdiqlandi. Afg‘oniston – O‘zbekistonning eng asosiy eksport bozorlaridan biriga aylanib boryapti. O‘tgan yili o‘zaro savdo 47,5 foizga oshgan.

Foto: Getty Images

Prezident qarori bilan, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Kelishuv 2025 yil 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy o‘rtasida tuzilgandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi.

Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichidagi tartib-taomillar O‘zbekiston tomonidan bajarilgani to‘g‘risida Afg‘oniston tomoniga tegishli bildirishnoma yuborish topshirildi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 47,5 foizga oshib, 1 mlrd 678 mln dollarga yetdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid