Isroil mudofaa armiyasi 17 martga ötar keçasi Eron Xavfsizlik kengaşi kotibi Ali Larijoniyga zarba bergan. Bu haqda dastlab Times of Israel TSAHAL bayonotiga asoslanib xabar tarqatdi. 

Köp ötmay Isroil mudofaa vaziri Israel Kats «Eronning amaldagi rahbari» Ali Larijoniy zarba oqibatida halok bölganini tasdiqladi.

Eron hukumati hozirça bu ma’lumot yuzasidan izoh bermayapti.

«12 kanal» telekanalining Isroil xavfsizlik xizmatidagi manbasiga köra, 16 mart kuni Larijoniy Tehrondagi maxfiy kvartiralaridan biriga kelgani haqida ma’lumot kelib tuşgan. Isroil zarbasi vaqtida kvartirada u öğli bilan birga bölgan. 

«Unda bunday zarbadan keyin omon qoliş imkoni yöq edi», – degan telekanal manbasi.

Isroil harbiylari Tehronda yana bir «aniq zarba» natijasida köngillilarning «Basij» nomli harbiylaşgan tuzilmasi qömondoni Ğulomrizo Sulaymoniy ham halok bölgani haqida xabar bergan. «Basij» Islom inqilobi muhofizlari korpusi tarkibiga kiradi va Eronda hukumatga qarşi kötarilgan namoyişlarni bostiriş bilan ham şuğullangan.

Ğulomrizo Sulaymoniy

Ali Larijoniy – AQŞ va Isroilning Eron böylab yöllagan dastlabki zarbalari oqibatida halok bölgan Ali Xominaiyning öng qöli hisoblangan, uning ölimidan keyin esa mamlakatdagi asosiy şaxslardan biri edi.

2025 yil avgustida Eron prezidenti Mas’ud Pizişkiyon Larijoniyni Eron Milliy xavfsizlik kengaşi kotibi va oliy rahbarning kengaşdagi vakili lavozimiga tayinlagandi. Eron naşrlarida u Xominaiyning maslahatçisi sifatida ham keltirilgan.

U 2008 yildan 2020 yilgaça Eron parlamenti spikeri lavozimida ham işlagan. Parlament spikeri bölişidan oldinroq, 2005-2007 yillada Eronning yadroviy dastur böyiça boş muzokaraçisi bölgan.

Uning akasi Sodiq Larijoniy ham Erondagi muhim figuralardan sanaladi. U Fiqh kengaşini boşqaradi, bu tuzilma parlament va Konstitutsiyani muhofaza qiliş örtasidagi hakamlik vazifasini bajaradi.

Ali Larijoniy Eronda Ali Xominaiy halokatidan keyin öldirilgan eng yuqori martabali mulozim bölmoqda. The New York Times AQŞ va Isroil hujumi boşlanişidan oldin mamlakatda amaldagi hokimiyat aynan Ali Larijoniyning qöliga ötgani haqida yozgandi, Ali Xominaiy yanvarda unga namoyişlarni bostiriş va uruşga tayyorgarlik köriş topşiriğini bergandi. Tehronning asosiy ittifoqçilari – Rossiya, Qatar va Ömon bilan aloqalar ham u orqali olib borilgan, u şuningdek, Eron yadroviy dasturi böyiça AQŞ bilan ötkazilgan muzokaralarni nazorat qilgan.