Amalda aholi qo‘lidagi mablag‘larning salmoqli qismi hali ham rasmiy moliyaviy tizimdan chetda qolmoqda. Bu holatni Markaziy bankning 2025 yilda 1200 nafar respondent ishtirokida o‘tkazilgan milliy so‘rovi ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, aholining qariyb 50 foizi jamg‘armasini bankda emas, balki uyida yoki hamyonida naqd shaklda saqlashini aytgan. Atigi 7 foiz aholi mablag‘ini rasmiy jamg‘arma vositalari orqali saqlayotganini bildirgan. Yana qariyb 8 foiz respondent mablag‘ini chorva, mol-mulk yoki boshqa usullarda saqlayotgani, taxminan 7 foizi esa norasmiy jamg‘arma guruhlarida pul jamg‘arishi qayd etilgan.

Bu raqamlar iqtisodiyotda ishlashi mumkin bo‘lgan sezilarli ichki moliyaviy resurs hali to‘liq bank va moliya tizimi orqali iqtisodiy aylanmaga jalb etilmaganini ko‘rsatadi.

Masala faqat odamlar pulni qayerda saqlayotganida emas, asosiy savol – nega vatandoshlarning yarmi amaldagi moliyaviy vositalarni o‘ziga mos deb bilmayotganida.

Kimdir mablag‘ini tez ishlatish uchun naqd saqlaydi, kimdir rasmiy moliyaviy mahsulotlarga ishonmaydi, yana kimdir puli aniq aktiv, real tovar yoki tushunarli loyiha bilan bog‘langan holda ishlatilishini afzal ko‘radi. Demak, bu yerda gap faqat moliyaviy odatlarda emas, balki bozorda ishonchli, sodda va ehtiyojga mos vositalar yetarli emasligida.

Pulni uyda saqlash kam holatlarda iqtisodiy jihatdan samarali. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr yakunida yillik inflatsiya 7,3 foizni tashkil qilgan. Yil boshida 1 dollar 12 904,91 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, yil oxirida 12 025,33 so‘mni tashkil etgan. Bu raqamlar – “mablag‘ni passiv holda saqlab turish foydalimi?” degan savolga javob.

Moliyaviy bozorda tanlov va ehtiyojga mos yechimlar yetarli bo‘lmagani aholi jamg‘armalarining ishlamay yotishiga, qiymatini yo‘qotishiga sabab bo‘lyapti.

Bu joyda islomiy moliya haqida so‘z ochish o‘rinli bo‘ladi.

Islomiy moliyaga faqat diniy yoki tor ixtisoslashgan moliyaviy yo‘nalish sifatida emas, balki iqtisodiyotga kirmay turgan mablag‘ni rasmiy va ishonchli mexanizmlar orqali aylanmaga jalb qilish vositasi, bozorda hozircha to‘liq qamrab olinmagan talabga javob berish vositasi sifatida qarash kerak.

Agar turli ehtiyoj va qarashlarga mos moliyaviy vositalar bo‘lsa, iqtisodiyot ham kengroq qatlamni faollikka jalb qila oladi.

Bunday qo‘shimcha moliyaviy yo‘nalishga O‘zbekistonda real iqtisodiy ehtiyoj bormi? Bor. Jahon bankining 2025 yil dekabr oyidagi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznes jami tadbirkorlik sub’yektlarining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi, umumiy bandlikning 75 foizini ta’minlaydi va yalpi ichki mahsulotning taxminan 55 foizini yaratadi. Biroq aynan shu segment kapitalga chiqishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda: mikro, kichik va o‘rta biznes sub’yektlarining uchdan biridan ko‘prog‘ida bank hisobvarag‘i yo‘q, savdolarning 30 foizidan kami elektron shaklda amalga oshiriladi, kreditdan foydalanish darajasi esa hali ham pastligicha qolmoqda.