Muxolifatdagi «Tisa» partiyasi Vengriyada yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida byulletenlarning 98,9 foizi hisoblab chiqilganidan keyin 53,07 foiz ovoz bilan oldinda ekani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, partiya parlamentdagi 199 o‘rindan 138 tasini qo‘lga kiritadi, bu orqali partiya konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ham ega bo‘ladi.

Amaldagi bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi «Fides» partiyasi esa 38,43 foiz ovoz olgan, bu orqali partiya 55 o‘rin oladi. Yana olti o‘rin ultrao‘ng «Bizning vatan» (5,83 foiz ovoz) partiyasiga nasib etadi. Ikki partiya esa besh foizlik barerdan o‘ta olmagan. Saylovdagi davomat mamlakat tarixidagi rekord darajada 79,5 foizni (5,8 milliondan ortiq saylovchi ovoz bergan) tashkil etgan. 

Viktor Orban ovoz berish jarayoni yakunlanganidan uch soat o‘tib mag‘lubiyatini tan oldi va «Tisa» yetakchisi Peter Mojarni g‘alaba bilan tabrikladi. «Men g‘olib chiqqan partiyani tabrikladim. Biz endi muxolifatda bo‘lib, Vengriya xalqiga va vatanimizga xizmat qilmoqchimiz», – degan Orban Budapeshtda o‘z tarafdorlariga. U ovoz berish natijalarini «og‘riqli, ammo aniq» deb atadi. Bu Orban uchun so‘nggi 16 yillikdagi va ilk mag‘lubiyatga aylandi.

13 aprel kuni o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilarkan, Peter Mojar «bu oqshom haqiqat yolg‘ondan ustun kelgani»ni aytdi. «Bugun biz g‘alaba qozondik, chunki vengrlar vatan ular uchun nima qilib bera olishini emas, ular vatan uchun nima qila olishlarini so‘rashdi. Siz javobni topdingiz. Va siz ishni oxiriga yetkazdingiz», – degan u yigirma mingga yaqin tarafdorlari qarshisida. Uning qayd etishicha, Vengriya bu oqshom «Yevropaga „ha“» degan.

«Tisa» partiyasi rahbari Peter Mojar saylovdagi g‘alabadan keyin tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlamoqda
Attila Husejnow / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen saylov natijalari yuzasidan izoh berarkan, Vengriya «Yevropa yo‘liga qaytgani»ni ta’kidladi. «Vengriya Yevropani tanladi. Yevropa doim Vengriya tomonda. Mamlakat o‘zining Yevropa yo‘lini tiklamoqda. Ittifoq yanada kuchaydi», – deydi u.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Mojarni birinchilardan bo‘lib tabriklagan. U shuningdek Viktor Orbanni «o‘z do‘sti» deb atab, unga ko‘p yillar mobaynidagi «qiziqarli hamkorlik» uchun minnatdorchilik bildirgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Mojarning g‘alabasini «tarixiy» deb atagan. Uning fikricha, «bu nafaqat Vengriya uchun, balki Yevropa demokratiyasi uchun ham tarixiy palladir». Bundan tashqari, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham Mojarrga g‘alaba munosabati bilan tabrik yo‘llagan. Xususan, Tusk o‘z postida vengrchasiga «Ruslar, qani uyga» (Ruszkik haza!) deya yozgan.