Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yana yopilgan. Muzokaralarning yangi bosqichi o‘tkazilishi aniq emas.
Amerikalik harbiylar Eronning «Tuska» (Touska) nomli yuk kemasini Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamalni yorib o‘tishga urinishda ayblab, egallab olganidan keyin Eron va AQSh o‘rtasidagi sulh xavf ostida qoldi. 19 aprel kuni AQSh Xitoydan kelib, Eronning Bandar-Abbos portiga o‘tishga uringan konteynerovozga zarba bergan. Keyin esa Amerika dengiz piyodalari kema bortiga tushirilgan.
Tehron Vashingtonni sulhni buzish va qaroqchilikda aybladi. Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ismoil Baqoiy AQSh diplomatik jarayonni davom ettirishga «jiddiy» yondashmayotgani, Eron o‘z talablarini o‘zgartirmoqchi emasligini aytdi. Eron harbiy qo‘mondonligi «Tuska» konteynerovoziga zarbaga javob tariqasida Tehron Amerika harbiy kemalariga dronlar bilan hujum qilganini bildirdi.
O‘tgan hafta oxirida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochgandi, ammo ko‘p o‘tmay suv yo‘li yana yopildi. 17 aprel, juma kuni Eron bo‘g‘ozni barcha tijoriy kemalar uchun vaqtincha ochganini e’lon qilgandi. Ammo shanba kuniyoq Tehron kemalar qatnovini yana to‘xtatdi. Islom respublikasi qurolli kuchlari qo‘mondonligi AQSh Eron portlarini blokada qilishda davom etarkan, kemalar harakatiga to‘sqinlik qilishi haqida ogohlantirgan. Ko‘p o‘tmay Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishga harakat qilgan bir necha kema o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi. Amerika blokadasi 12 apreldan buyon amal qilmoqda va Vashington hozircha bundan voz kechishini ma’lum qilmadi.
Ikki tomonlama blokada
Yaqin Sharqdagi urush boshlangan 28 fevral kuniyoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda bloklab qo‘yilgandi. Eron kemalar egalariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi asosiy suv yo‘li minalar tufayli (suv yo‘li minalanganiga dalil yo‘q) xavfsiz emasligini va ayrim tankerlarni to‘lov (tashilayotgan har bir barrel neft uchun bir dollar miqdorida) evaziga o‘z sohillari yaqinidan o‘tkazishni boshlashini ma’lum qilgan.









