Kiberjinoyatchilar va hakerlar tomonidan ma’lumotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar platformada 27 aprel kuni O‘zbekistondagi Kiberxavfsizlik Markazi DUK xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari sotuvga qo‘yildi.

Kun.uz tanishib chiqqan e’longa ko‘ra, ma’lumotlarni sotuvga qo‘ygan haker «Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib borgani» hamda «Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va razvedka xodimlari ma’lumotlar bazalariga kirish huquqini qo‘lga kiritgani»ni da’vo qilgan.

U o‘z so‘zlariga isbot tariqasida Kiberxavfsizlik markazida ishlaydigan 100 nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlarini ochiq e’lon qilgan. Ular qatorida xodimlarning ism-familiyasi, kompaniyadagi lavozimi hamda JShShIR raqamlari mavjud. Haker xodimlarning «o‘ta foydali ma’lumot» sifatida ta’riflagan JShShIR raqamlarini to‘liq bo‘lmagan shaklda e’lon qilgan.

Hakerning ta’kidlashicha, ichki ma’lumotlar bazasidan bevosita olingan ma’lumotlar, xususan Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining to‘liq ro‘yxati «ancha katta». Shuningdek, unda e’lon qilinganidan ko‘ra «ancha maxfiyroq» ma’lumotlar ham bor.

E’lon qo‘yilgan saytdan skrinshot

Haker, agar O‘zbekiston rasmiylari ma’lumotlarning «to‘liq e’lon qilinishini to‘xtatmoqchi» bo‘lsa, ularni narxi 200 ming dollar ekanini aytgan. «Aks holda, tez orada yangi ma’lumotlar sizdiriladi va bu ular uchun juda yomon oqibatlarga olib keladi», deyiladi ingliz va rus tillarida yozilgan e’londa.

Kiberxavfsizlik markazi hujumga uchramaganini bildirdi

Kiberxavfsizlik markazi holat yuzasidan izoh berib, dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, «mazkur tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligi»ni ma’lum qildi.

«Ta’kidlash lozimki, Kiberxavfsizlik markazi ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanilmaydi», deyiladi DUK rasmiy bayonotida.

Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan markaz matbuot kotibi Dilshod To‘rayev haker e’lon qilgan shaxsiy ma’lumotlar haqiqatda ham xodimlarga tegishli ekanini tasdiqladi. Uning aytishicha, xodimlarning ism-familiyasi va ishlaydigan lavozimi