Agar oldingizda mazali shokolad va uning past kaloriyali, tabiiy shirinlashtirilgan muqobil varianti turgan bo‘lsa, qaysi birini tanlardingiz?

Ko‘pchiligimiz mantiqan ikkinchisini tanlash kerakligini bilamiz, lekin mazali shirinlikdan voz kechish juda qiyin. Shuning uchun vazn tashlashga harakat qilayotgan odamlar uchun parhezni saqlash oson emas.

Bizning organizmimiz energiyaga boy, shirin mahsulotlarni tanlashga moslashgan, bu qisman ilk ajdodlarimiz shunday oziq-ovqatlarga ehtiyoj sezgani bilan bog‘liq. Bunga qo‘shimcha ravishda, atrofimiz yuqori kaloriyali, kuchli qayta ishlangan oziq-ovqatlar bilan to‘la.

“Yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar xuddi og‘ir rok konsertiga o‘xshaydi. Ular boshqa barcha narsalarni supurib tashlash uchun ishlab chiqarilgan va darhaqiqat, odamlarga meva yoki sabzavotning nozik klassik musiqasini his qilish qiyin”, deydi Michigan universiteti psixologiya professori Eshli Gerhardt.

Biroq tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, sog‘lom vaznni saqlash uchun e’tiborimizni nafaqat qanday taom yeyishga, balki unga bo‘lgan munosabatimizga ham qaratishimiz kerak. Chunki taomdan zavq olish sog‘liq uchun foydali bo‘lishi mumkin.

AQShdagi Stenford universitetining Aliya Kram boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi qiziq tajriba o‘tkazgan. Tajriba qatnashchilariga bir xil milksheyk berilgan, lekin ularning bir qismiga u “shakarsiz va faqat 140 kaloriyali”, boshqalariga esa “620 kaloriyali, juda mazali” deb aytilgan. Aslida esa milksheyk 380 kaloriyali bo‘lgan.

Tajriba ishtirokchilarining gormonal reaksiyasi haqiqiy kaloriya miqdoriga qarab emas, balki ularning nima ichayotganiga ishonishiga qarab o‘zgargan.

Milksheykni “mazali” deb o‘ylagan ishtirokchilarda ochlik gormoni — grelin darajasi ancha tez kamaygan. Bu gormon ishtahani kuchaytiradi va och bo‘lganimizda ko‘payib, to‘q bo‘lgan vaqtimizda kamayadi. Lekin “shakarsiz va past kaloriyali” deb o‘ylagan ishtirokchilarda grelin miqdori unchalik kamaymagan.

Bu esa insonning fikrlashi va kutilmalari organizm reaksiyasiga ta’sir qilishini ko‘rsatadi.

“Agar siz ozgina taom yeb qorningiz to‘yganiga ishonsangiz, tanangiz ham xuddi to‘ygandek javob qaytaradi”, deydi Aliya Kram.

Bu sog‘lom vaznni saqlab turishda muhim ahamiyatga ega, chunki grelin modda almashinuviga ta’sir qiladi. Agar o‘zimizni to‘q his qilmasak va tanamizda modda almashinuvi sekinlashsa, kamroq energiya sarflaymiz. Shuning uchun ovqatdan o‘zini tiyishga qaratilgan fikrlash tarzi sog‘lom vaznni saqlashda samarasiz bo‘lishi mumkin.