«Real» hujumchisi Kilian Mbappe klasiko arafasida Italiyaga ketib qolgani uchun keskin tanqidga uchradi, deb yozmoqda Ispaniya va Fransiyadagi nashrlar. Ushbu forvard jarohatlangan va bo‘sh vaqtida ta’tilga yo‘l olgandi, ammo bu uni ta’na-dashnomlardan qutqara olmadi – jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa uni himoya qilib chiqishiga to‘g‘ri keldi.

Bahslarga sabab bo‘lgan safar

Mbappe 24 aprel kuni «Betis»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:1) tizza osti payini shikastlab olgandi. Klubdagilar 27 yoshli forvard qachon safga qaytishini ma’lum qilmagan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u mavsum oxirigacha maydonga tusha olmasligi mumkin, boshqa manbalar esa unda «Barselona»ga qarshi 10 may kuni o‘tkaziladigan klasikoda o‘ynash imkoniyati borligini aytishgan.

Ammo fransuz futbolchisi, aftidan, jarohati haqida unchalik jiddiy qayg‘urmayapti – u ko‘nglini yozishga qaror qildi va sevgilisi, aktrisa Ester Ekspozito bilan Kalyariga yo‘l oldi.

Marca va L'Equipe nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda fransiyalik yulduzning ayrim jamoadoshlari, jumladan, Vinisius Junior bilan munosabatlari yomonlashgan. Va klub uchun qiyin pallada Italiyaga ketib qolishi uning kiyim almashtirish xonasidagi holatini yanada yomonlashtirgan. «Real»dagilar uning klasikogacha jarohatidan tuzalish imkoniyati bo‘lganidan kelib chiqib, tiklanish vaqtida bunday yo‘l tutishni yaxshi g‘oya deb hisoblashmayapti.

Forvardni fanatlar ham tanqid qilishmoqda. Italiyaga sayohat haqidagi yangiliklar fonida madridliklar klubi himoyachisi Fran Garsiyaning fransuz jamoadoshi haqida aytgan so‘zlari yana keng aylanmoqda.

«Bilasizki, bugun bitta futbolchi mashq qilmasligi, to‘p ortidan yugurmasligi mumkin. Ammo bir vaqtning o‘zida bir necha o‘yinchi bu bilan shug‘ullanmasa, bu chempionatda, Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish imkoniyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, agar Kilian ter to‘kib ishlasa, u jamoaning qolgan a’zolariga katta yordam bergan bo‘ladi», – degandi Garsiya yanvar oyidayoq El Camino de Mario kanaliga.

Himoyachi intervyusida Mbappe haqida boshqa ko‘p iliq so‘zlar aytgan bo‘lsa-da, muxlislar tushunarli sababga ko‘ra aynan shu iqtibosni eslab qolgandi. Hozir esa bu gaplar yana dolzarblashdi va ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqalmoqda.

Fanatlar «Real» rahbariyatidan Mbappedan qutulish talab qilingna petitsiya ochishgan. Ikki kun ichida uni allaqachon 14 milliondan ortiq kishi imzolagan.