Gap Himolay bo‘risi bilan daydi it chatishmasidan paydo bo‘lgan gibrid haqida ketmoqda. Olimlar bu hayvon mahalliy tabiat muvozanatini o‘zgartirishi va yaqin kelajakda insonlar uchun jiddiy xavfga aylanishidan xavotirda.
Himolay bo‘risi (Canis lupus chanco) — kulrang bo‘rining qadimiy va genetik jihatdan alohida turi hisoblanadi. U Tibet tog‘li hududlari va Himolayda yashaydi hamda sovuq iqlim, kislorod tanqisligi va oziq-ovqat kam sharoitga yaxshi moslashgan.
Biroq so‘nggi yillarda ular yashaydigan muhit tez o‘zgarmoqda. Olimlar ta’kidlashicha, tog‘li hududlar pastliklarga nisbatan tezroq isimoqda. Shu bilan birga, urbanizatsiya va chiqindilar ko‘payishi yovvoyi hayvonlarni odamlar va daydi itlarga yaqinlashtirmoqda.
Bu jarayonning eng yaqqol misollaridan biri Himolayning g‘arbiy qismidagi Ladakx hududida kuzatilmoqda. Bu yerda atigi bir necha yuzta Himolay bo‘risi qolgan bo‘lsa, daydi itlar soni 25 mingtaga yetadi.
Itlar to‘da bo‘lib tog‘larga chiqadi va Himolay bo‘rilari ovlaydigan hayvonlarga ov qiladi. Endi esa ular o‘zaro chatishib ketmoqda. Natijada “kxipshang” deb atalgan yangi gibrid paydo bo‘lgan.
Ladakx tilida “kxi” — it, “shang” esa — bo‘ri degan ma’noni anglatadi.
Snow Leopard Conservancy India Trust tabiatni muhofaza qilish tashkiloti rahbari Tsevang Namgaylning aytishicha, kxipshang tashqi ko‘rinishi jihatidan itdan kattaroq, ammo bo‘ridan kichikroq.
Uning juni qizg‘ish-qumrang tusda bo‘lib, xulq-atvori ham oddiy itlardan farq qiladi. Eng xavotirlisi — u odamdan qo‘rqmaydi va daydi itlar to‘dasiga yetakchilik qiladi.
Ladakxlik naturalist va rejissyor Muhammad Imronning ta’kidlashicha, kxipshangda bo‘rining ovchilik instinkti va itlarga xos odamdan qo‘rqmaslik xususiyati birlashgan. Bu esa uni ayniqsa xavfli qiladi.
Yangi yirtqich qishloqlarga kirib, chorva mollarini o‘ldirmoqda va odamlarga ham hujum qilmoqda. Mutaxassislar bunday hujumlar soni yaqin yillarda ortishi mumkinligidan xavotirda.
Himolayda odamlar uchun xavfli yangi yirtqich paydo bo‘ldi
13:20 / 19.05.20268 9744 min
Himolay tog‘larining baland hududlarida yangi yirtqich paydo bo‘ldi. U odamlardan qo‘rqmaydi, daydi itlar to‘dasini boshqaradi va qishloqlarga tez-tez kirib bormoqda. Mahalliy aholi uni “kxipshang” deb atayapti.









