Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bezgagidan vafot etganlar soni kamida 131 kishini tashkil etmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yana 513 kishi virusga chalingani gumonlanmoqda. Bir kun oldin ham qurbonlar soni 80 nafar, kasallanganlar soni 300 nafar atrofida baholanayotgandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili kasallik dastlab taxmin qilinganidan tezroq tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
JSST vakili bo‘lgan doktor Anna Ansiya BBC bilan suhbatda o‘rganish ishlari davomida kasallik tarqalgan yangidan yangi hududlar ma’lum bo‘layotganini aytgan.
Londondagi MRC Global yuqumli kasalliklar tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan va dushanba kuni e’lon qilingan modellashtirish shuni ko‘rsatdiki, ro‘yxatga olingan holatlar soni asl vaziyatni aks ettirmaydi va kasallanish holatlari soni allaqachon 1000 dan oshganini istisno qilib bo‘lmaydi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, hozirgi epidemiya «hozirgacha aniqlanganidan kattaroq» va uning «haqiqiy ko‘lami noaniqligicha qolmoqda».
Laboratoriya tomonidan tasdiqlangan ilk kasallanish holati 24 aprel kuni Kongo DR poytaxti Kinshasa shahrida aniqlangandi, ushbu shahar epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan sharqiy Ituri provinsiyasidan taxminan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Shunga ko‘ra, kasallik ilk bemor aniqlangunicha bir necha hafta davomida tarqalgan bo‘lishi mumkin.
Hozirgi epidemiyani keltirib chiqargan shtammga qarshi vaksina mavjud emas, ammo JSST himoyalanish uchun boshqa dorilardan foydalanish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Jospin Mwisha / AFP / Scanpix / LETA
Kasallanganlar orasida — amerikalik shifokor ham bor
Kasallanganlardan biri – Kongoda ishlovchi amerikalik shifokor. Bu haqda AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) xabar berdi, tashkilot bilan hamkorlik qiladigan Serge xristian missionerlik guruhi esa uning ismini Piter Staffordligini ma’lum qildi. CBS News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, shifokor davolanish uchun Germaniyaga yuboriladi.















