Milliarder Ilon Mask va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan yilning yozidagi ommaviy ziddiyatdan so‘ng munosabatlarini tikladi. Yaqinlashuvga Oq uy vakillari bilan muzokaralar, umumiy tanishlar va bir nechta uchrashuvlar, jumladan, konservativ faol Charli Kirkning vafoti fonidagi uchrashuv ham yordam berdi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
May oyida Trampning Xitoyga safari chog‘ida Mask yana prezidentga Air Force One samolyoti bortida hamrohlik qildi. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ular do‘stona suhbatlashgan. Mask oraliq saylovlarda respublikachilarni qo‘llab-quvvatlashini va bunga kamida 100 million dollar sarflash niyatida ekanini ma’lum qilgan. Gazetaning aniqlik kiritishicha, ushbu summa saylovchilarning faolligini oshirishga qaratilgan tadbirlar uchun mo‘ljallangan. Tadbirkorning o‘zi esa siyosatda kamroq ishtirok etish niyatidaligini bildirgan.
O‘tgan yilning iyun oyidagi mojarodan so‘ng vitse-prezident Jey Di Vens va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uaylz Mask bilan bog‘landi, ko‘p o‘tmay tadbirkor Trampga qo‘ng‘iroq qilib, ayrim bayonotlari uchun afsusda ekanligini bildirdi. Mojaroga ma’muriyatning soliq to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan.
Hozir qayta yaqinlashib olgan Tramp va Mask taxminan oyda bir marta muloqot qilib, sun’iy intellekt, Xitoy va xalqaro voqealarni muhokama qilmoqda. Ayni paytda, Tramp ismi oshkor etilmagan yordamchilarining so‘zlariga ko‘ra, ularning munosabatlari endi avvalgidek yaqin bo‘lmasligiga ishonadi.
Tramp va Mask o‘rtasidagi ziddiyat 2025-yil yozida Oq uy Mask qo‘llab-quvvatlagan Jared Ayzekmanning NASA rahbari lavozimiga nomzodini qaytarib olish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng keskinlashdi. Keyinroq Mask Tramp ilgari surayotgan davlat xarajatlari va soliqlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini tanqid qildi, shundan so‘ng tomonlar bir-birini ommaviy ayblashga o‘tdi. Xususan, Tramp Maskning kompaniyalariga ajratiladigan davlat subsidiyalari va shartnomalarini to‘xtatish bilan tahdid qildi.
Keyinroq Mask prezidentni tanqid qilgan ayrim postlarini o‘chirib tashladi va ba’zi fikrlari «haddan tashqari» bo‘lganini tan oldi. Tramp bu qadamni «juda yoqimli» deb atadi va keyinroq, mojaro paytida Mask «o‘zini biroz g‘alati tutgan» bo‘lsa-da, uni hamon do‘sti deb bilishini aytdi.
Tramp va Maskning yarashtirishda AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens rol o‘ynagani haqida WP nashri ham yozgan edi. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, u Maskni prezident bilan janjaldan so‘ng e’lon qilgan o‘z partiyasini tuzish fikridan qaytargan. Yarashuvdan so‘ng Mask noyabr oyida Oq uyda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon sharafiga uyushtirilgan kechki ovqatda yana ko‘rinish berdi.











