Oq uyning ma’lum qilishicha, Xitoy AQShning oshirilgan bojlarini chetlab o‘tib, mamlakatga tovar yetkazib berish uchun 40 dan ortiq davlatdan foydalanmoqda. Ma’muriyat bunday ta’minot hajmini yiliga taxminan 75 mlrd dollar, u bilan bog‘liq federal daromadlar yo‘qotilishini esa 19–26 mlrd dollar deb baholamoqda. Reeksport xavfi yuqori bo‘lgan yurisdiksiyalar qatorida Kanada, Meksika, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Vetnam, O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar tilga olingan. AQSh tovarlarning kelib chiqishi ustidan nazoratni, jumladan, sun’iy intellekt tizimlari yordamida kuchaytirishni hamda yangi savdo bitimlarida tariflardan bo‘yin tovlash xavfini hisobga olishni rejalashtirmoqda.
Oq uy reeksport va tovarlarning kelib chiqqan mamlakatini almashtirish sxemalari tarqalishini AQSh tomonidan 2018-yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Xitoy tovarlariga qo‘shimcha bojlar joriy etilgani bilan bog‘lamoqda. Ma’muriyatga ko‘ra, shundan so‘ng Xitoy mahsulotlarining bir qismi AQShga uchinchi davlatlar orqali kira boshlagan. Bu davlatlarda tovarlar qisman yig‘ish yoki qayta ishlashdan, qayta qadoqlash va markirovkalashdan o‘tkaziladi yoxud kelib chiqishi to‘g‘risida yangi hujjatlar oladi. Natijada Xitoy mahsuloti boshqa mamlakatda ishlab chiqarilgan deb e’lon qilinishi va pastroq bojga tortilishi mumkin.
Oq uyning 13-avgust kuni e’lon qilingan «The Great Transshipment Scam» (Katta tranzit reeksporti firibgarligi) nomli hisobotida Kanada va Meksika orqali ta’minot misol qilib keltirilgan. Agar Xitoy tovari USMCA bitimi talablariga javob beradi, deb noto‘g‘ri rasmiylashtirilsa, AQSh tomonidan Xitoy importi uchun belgilangan maxsus boj nolga tushirilishi mumkin.
Oq uy aynan tarif stavkalari o‘rtasidagi farqni bunday operatsiyalar uchun asosiy iqtisodiy rag‘bat deb hisoblaydi.
Mazkur hisobotni tayyorlagan Oq uyning Savdo va ishlab chiqarish siyosati boshqarmasi rahbari Piter Navarroning ta’kidlashicha, Xitoy eksportni 40 dan ortiq mamlakat orqali yo‘naltirmoqda.
Oq uy ro‘yxatga kimlarni kiritdi?
Yurisdiksiyalar uch guruhga bo‘lingan. Birinchi guruhga Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Meksika, Janubiy Koreya va Tayvan kiritilgan. Hujjat mualliflari bu yerda gap AQShning yirik savdo hamkorlari haqida ketayotganini, ularda taxminiy reeksport xavfi ancha keng ko‘lamli qonuniy savdo oqimlari doirasida mavjudligini ta’kidlaydi.
















