Ma’lum qilinishicha, jurnalistlar “Skif” kod nomi bilan yuritilayotgan maxfiy loyihani bir necha oy davomida o‘rgangan. Ular sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilgan, Rossiya ilmiy bazalari va tarixiy hujjatlarni o‘rgangan hamda harbiylar va ekspertlar bilan suhbatlashgan.
Surishtiruv materiallariga ko‘ra, NATO razvedkasi ma’lumotlari Rossiya “hozirgacha ma’lum bo‘lmagan usulda” dengizda ballistik raketalarni joylashtirish ustida bir necha yildan beri ish olib borayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Ta’kidlanishicha, bunday raketa qurilmalarini aniqlash va yo‘q qilish deyarli imkonsiz bo‘lishi mumkin.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, “Skif” loyihasi uchun Rossiya suvosti kemalarida qo‘llanadigan “Sineva” raketasining modifikatsiya qilingan versiyasi ishlab chiqilgan. Yangi raketa dengiz tubidan uchirilishi va bir necha ming kilometr masofaga yetib borishi mumkinligi aytilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, ushbu raketalarning ilk sinovlari bir necha yil avval o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.
G‘arb razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy kallak tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan raketalar maxsus shaxtalar yoki konteynerlarda, bir necha yuz metr chuqurlikda joylashtirilishi mumkin. Ular uzoq vaqt dengiz tubida saqlanib, zarur paytda masofadan turib ishga tushirilishi ehtimoli bor.
NATO manbalariga ko‘ra, raketa shaxtalarini o‘rnatishda Oq dengiz sohilidagi Severodvinsk shahrida joylashgan “Zvezdochka” kemasi va “Sarov” suvosti kemasidan foydalanilishi mumkin.
ARD ma’lum qilishicha, NATO ham, Rossiya Mudofaa vazirligi ham “Skif” loyihasi yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan. Rossiyaning Berlindagi elchixonasi esa bu masala bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Berlindagi “Fan va siyosat” jamg‘armasi (SWP) eksperti Xelge Adriansning fikricha, dengiz tubiga raketa joylashtirish Rossiyaga qimmat suvosti kemalariga bog‘liqlikni kamaytirish va yadroviy tiyib turish salohiyatini arzonroq usulda saqlab qolish imkonini berishi mumkin.
Biroq ekspert bunday loyiha katta texnik muammolar bilan bog‘liqligini ham ta’kidlagan. Jumladan, dengiz oqimlari ta’siri, shaxtalarning loyqa bilan to‘lib qolishi, energiya ta’minoti va ma’lumot uzatish kabi muammolar mavjud.
Ma’lumot uchun, 1971 yilda AQSh, SSSR va yana 80 ga yaqin davlat dengiz tubida yadroviy qurol joylashtirishni taqiqlovchi shartnomani imzolagan. Biroq ushbu kelishuv faqat xalqaro suv hududlariga taalluqli bo‘lib, davlatlarning o‘z hududiy suvlarida bunday tizimlarni joylashtirishini taqiqlamaydi.









