Jinoyat kodeksining 230¹-moddasi 2-qismi "a" bandida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun ayblangan Toshpo‘latov Lochinbek Komilovich Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidirilmoqda.

Ushbu shaxs Buxoro shahar IIB xuzuridagi tergov bo‘limi sobiq tergovchisi ekani ma’lum. U YouTube sahifalaridan biriga bergan intervyusida o‘ziga nisbatan Buxoro viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, shu sabab 2025 yil 29 dekabr kuni lavozimidan ozod qilingani haqida gapirgan.

Lochinbek Toshpo‘latov o‘z intervyusida Buxoro viloyati prokuraturasi 21-bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari Buxoro shahar IIB tergov bo‘limi ish yurituviga yuborilgani, ular orasida Bobur Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ham bo‘lgani, aynan ushbu jinoyat ishi uning yurituviga topshirilgani haqida gapiradi (B.Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi doirasida Umidjon Nurillayev ham ayblangan – tahr.).

 “Ushbu jinoyat ishi viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarov tomonidan 3 yil davomida tergov qilinib, go‘yoki “jinoyat sodir etgan shaxs noma’lum”ligi sababi bilan to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lgan.

Men ish bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazdim. 500ga yaqin jabrlanuvchilar aniqlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun Buxoro viloyat prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latovning topshirig‘iga asosan ayblanuvchilarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. Tintuvda olingan ashyolarning ishga doir emaslari bo‘yicha axborot berganimda “qaytarib bermaysan”, ariza yozsa ham bizga keladi, degani uchun men bu ashyolarni qaytarib bermadim. Chunki ishni prokuror tasdiqlaydi, u bilan kelishilmagan har qanday qarorni bekor qilish vakolatiga ega.

Jinoyat ishini tugatib, sudga yubordim. Ayblanuvchilarga hukm bilan jazolar tayinlandi. Ammo oradan 2 yil o‘tgandan so‘ng ayblanuvchilar qarindoshlari tintuv davomida olingan tilla taqinchoqlar qaytarib berilmaganini vaj qilib ariza yozishdi. Shundan so‘ng menga Buxoro shahar prokuraturasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi” deydi L.Toshpo‘latov.