Iqtisodiyot | 08:59
387
2 daqiqa o‘qiladi

Import tovarlarini deklaratsiyalash jarayoni soddalashtirildi

Endilikda import qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish jarayoni yanada yengillashtiriladi. Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, tadbirkorlarga bojxona to‘lovlarini har bir tovar turkumi bo‘yicha alohida amalga oshirish hamda ayrim ruxsatnoma hujjatlarisiz dastlabki deklaratsiyalash imkoniyati yaratildi.

Foto: Huffington Post

Yangi tartibga muvofiq, tovarlar davriy bojxona yuk deklaratsiyasi asosida olib kirilganda, deklaratsiyalovchining murojaatiga ko‘ra bojxona boji va soliqlarni har bir tovar turkumi uchun alohida to‘lash mumkin bo‘ladi. Buning uchun bojxona organlari tomonidan maxsus hisobot yuritiladi.

Shuningdek, tovarlarni keyinchalik to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish sharti bilan dastlabki deklaratsiyalash tartibi joriy etildi. Endi muvofiqlik, ekologik, veterinariya sertifikatlari, sanitariya-epidemiologik xulosa, karantin ruxsatnomasi va ayrim texnik qurilmalar uchun ruxsatnoma hujjatlari mavjud bo‘lmagan hollarda ham tovarlarni dastlabki tarzda deklaratsiyalash mumkin.

Qolaversa, davriy bojxona yuk deklaratsiyasi asosida tovarlarni deklaratsiyalashda to‘liq deklaratsiyani rasmiylashtirishga to‘sqinlik qiluvchi ayrim cheklovlar bekor qilindi.

Mutasaddilarga ko‘ra, mazkur o‘zgartishlar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulayliklarni oshirish, bojxona jarayonlarini tezlashtirish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid