«RBK-Ukraina» va «Ukrainskaya pravda» 21-oktabrda oʻz manbalariga tayanib yozishicha, Lviv viloyati kengashining qarori Polsha katta qurol paketini yuborishga tayyorlanayotgan paytda qabul qilingan.
Kengash 2027-yilni UIA, uning qoʻmondoni Roman Shuxevich va Ukraina millatchilari tashkiloti vakili Oleg Oljichga bagʻishlashni maʼqullagan.
«RBK-Ukraina» suhbatdoshiga koʻra, shu qarordan keyin harbiy yordam paketining yetkazib berilishi toʻxtatilgan. Muammoni hal qilish uchun yopiq diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilmoqda. Xabarlarda gap muayyan yirik qurol paketi haqida ketmoqda.
Polsha tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marchin Bosatskiy Polsat News telekanaliga bergan intervyusida Kiyev bilan bahsli qaror kuchga kirmasligi boʻyicha kelishuvga erishilganini aytgan.
Uning soʻzlariga koʻra, Varshava aralashuvidan soʻng «UIA yili» haqidagi rezolyutsiya Lviv viloyati kengashi saytidan olib tashlangan.
«Biz Ukraina hukumatiga ishonamiz va bu vaʼdalar bajarilishini kutamiz», - degan Bosatskiy.
UIAga munosabat Polsha va Ukraina oʻrtasidagi tarixiy kelishmovchiliklardan biridir. Polshada ushbu tashkilot Ikkinchi jahon urushi davrida Volinda polyaklarning ommaviy oʻldirilishi uchun masʼul deb hisoblanadi.
DW eslatishicha, may oxirida Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari boʻlinmalaridan biriga «UIA qahramonlari» faxriy nomini bergani ham Polshada keskin tanqidga sabab boʻlgan.
Iyun oyida Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Zelenskiyni mamlakatning eng oliy davlat mukofoti - Oq burgut ordenidan mahrum qilgan. Shundan keyin bir qator ukrainalik rasmiylar va sobiq prezidentlar Polsha davlat mukofotlaridan voz kechgan.
11-iyulda Volin fojiasi qurbonlari xotirasi yod etilganda, Polsha bosh vaziri Donald Tusk «xotira nafratga xizmat qilmasligi kerak»ligini aytgan. Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ham yarashuv muhimligini taʼkidlagan.
17-iyulda esa Zelenskiy Volin voqealariga oid Ukraina maxsus xizmatlari arxivlarini ochish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganini maʼlum qilgan edi.

















