Markaziy Osiyodagi harbiy bazalar amalda qanday vazifa bajarayotgani – munozarali masala. Siyosatşunos Farhod Tolipovning sözlariga köra, ötgan 35 yillik davr Afğonistondan keluvçi xatarlarga milliy kuçlar ham yetarli javob bera olişini isbotladi. Hamid Sodiqning fikriça, Özbekistonning mintaqaviy mediator sifatida namoyon bölayotgani ham taşqi aktorlarga ehtiyojni kamaytirmoqda.
Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatşunoslar Farhod Tolipov va Hamid Sodiq tomoşabinlardan kelib tuşgan savollarga javob berişdi.
Izohlarda yozilgan savollardan biri – Rossiyaning Tojikistondagi 201-sonli harbiy bazasi haqida böldi.
Harbiz baza – geosiyosiy manfaat demakdir
Farhod Tolipov: Tojikistonda joylaşgan 201-diviziya, Qirğizistondagi Rossiya aviabazasi va umuman mintaqadagi ayrim harbiy infratuzilmalar bugungi geosiyosiy şaroitda öz rolini qayta körib çiqişni talab qilmoqda. Menimça, ularning bosqiçma-bosqiç yopilişi yoki heç bölmaganda funksional jihatdan qayta formatlanişi davri kelgan.
Bunga bir neçta asos bor. Avvalo, ularning amaliy foydasi masalasi. Ayniqsa, Qirğizistondagi aviabaza misolida aytadigan bölsak, uning real operatsion samaradorligi juda past ekani haqida fikrlar mavjud. Şuningdek, Kollektiv Xavfsizlik Şartnomasi Taşkiloti yoki mintaqadagi boşqa xavfsizlik tuzilmalari ham şu paytgaça kutilgan darajada samarali mexanizm böla olgani yöq, degan qaraşlar bor.
Umuman olganda, har qanday xavfsizlik taşkilotining haqiqiy roli qaçon aniqlanadi? Faqatgina real tahdidlar yuzaga kelganida va uşbu tahdidlarga qarşi davlatlar yakka holda harakat qila oladimi yoki kollektiv tizimga ehtiyoj bormi, degan savolga amaliy javob berilgandagina. Sönggi 30–35 yil içida Markaziy Osiyoda keng kölamli, muntazam harbiy agressiya kuzatilgani yöq. Afğoniston hududidan kirib kelgan ayrim guruhlar kabi tahdidlar böldi, ammo ularga qarşi köp hollarda milliy xavfsizlik tizimlari öz kuçi bilan javob bera oldi. Şu nuqtayi nazardan, yirik harbiy bazalarning amaliy zarurati ham deyarli sezilmagan.
Ikkinçi muhim masala – xorijiy harbiy bazalarning geosiyosiy ta’siri. Nazariy jihatdan ham, amaliy tajribada ham şuni köriş mumkinki, biror hududda xorijiy harbiy baza joylaşsa, u bilan birga öşa davlatning geosiyosiy manfaatlari ham kirib keladi. Bu jarayon ba’zan oçiq, ba’zan esa yaşirin şaklda keçadi. Bundan taşqari, suveren qaror qabul qiliş jarayoniga bosim sifatida ta’sir körsatişi mumkin.
Ötgan yil noyabr oyida Toşkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinçi maslahat uçraşuvi bölib ötdi. Unda muhim hujjatlardan biri – mintaqaviy xavfsizlik konsepsiyasi qabul qilindi. Şuningdek, unga boğliq holda mintaqaviy xavf va xatarlar katalogi ham işlab çiqildi.
Afsuski, uşbu hujjatlar yopiq hisoblanadi va jamoatçilik uçun töliq oçiq emas. Mutaxassis sifatida ularni örganiş, tahlil qiliş va takliflar beriş imkoniyatiga ega emasmiz. Şunga qaramay, şunday konsepsiya paydo bölganining özi muhim signal beradi, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlari öz mintaqaviy xavfsizligini asosan özlari ta’minlaşga intilmoqda. Bu esa strategik nuqtayi nazardan “mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasi” deb ataladigan modelga işora qiladi.
Agar mintaqa davlatlari öz xavfsizlik tizimini mustaqil ravişda şakllantiriş yölini tanlayotgan bölsa, unda taşqi harbiy bazalarning zarurati tabiiy ravişda kamayadi. Tarixda ham şunga öxşaş tendensiyalar kuzatilgan. 1997 yilda Markaziy Osiyo davlatlari (Turkmaniston neytral maqomiga qaramay) mintaqani yadroviy quroldan xoli zona deb e’lon qilgan edi. Bu öz davrida juda muhim xavfsizlik taşabbusi bölgan.
Agar şu tajribani bugungi şaroitga tatbiq qilsak, şunday savol tuğiladi: Markaziy Osiyoni kelajakda xorijiy harbiy bazalardan xoli zona sifatida şakllantiriş ham mantiqan töğri yöl bölişi mumkinmi? Bu savol oçiq qolmoqda, ammo u mintaqaviy xavfsizlikning kelajak modeli haqida jiddiy muhokama yuritiş zarurligini körsatadi.
Hamid Sodiq: Birinçidan, Tojikistonga Afğonistondan xavf masalasi köp hollarda ortiqça börttirilgan edi. Asosiy e’tibor Afğonistondagi beqarorlikka qaratilgan bölsa-da, amaliy vaziyat şuni körsatdiki, real xavf boşqa yönalişda ham yuzaga çiqdi. Natijada Qirğiziston va Tojikiston örtasida bir neça bor jiddiy töqnaşuvlar sodir böldi. Kimning ustun kelgani masalasi esa alohida mavzu, ammo muhim jihat şundaki, tahdid manbayi haqidagi dastlabki baholar töliq töğri çiqmagan.
Ikkinçidan, agar Tojikistondagi 201-diviziya muayyan siyosiy rejimni himoya qiliş uçun zarur bölsa, u holda saqlanib qolişi mumkin. Ammo mintaqaning umumiy xavfsizlik ehtiyojlari nuqtayi nazaridan qaralganda, bugungi kunda uning zarurati qayta baholanişi lozim. Strategik yondaşuvdan kelib çiqib aytganda, bu kabi harbiy tuzilmalar şaroitga qarab mintaqadan bosqiçma-bosqiç çiqib ketişi ham mumkin.
Uçinçidan, mintaqada yangi vositaçi – mediator şakllandi. Bu rolni Özbekiston bajarayotganini köriş mumkin. Özbekiston davlatlar örtasidagi kelişmovçiliklarni tenglik asosida, heç bir tomon manfaatini kamsitmagan holda hal etişga intilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonda “minnat” yoki siyosiy bosim unsuri kuzatilmaydi.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida töliq tomoşa qilişingiz mumkin.











