Hodisa 9 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli filiali Toshkent temiryo‘l masofasi korxonasida faoliyat yurituvchi temir yo‘l sozlovchisi A’zam Ibrohimov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, u Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali yaqinida ish olib borayotgan paytda suv oqimida oqib ketayotgan va yordam so‘rab chaqirgan ikki nafar qizaloqni ko‘rib qolgan.

Vaziyatning xavfli ekanini anglagan temiryo‘lchi zudlik bilan harakat qilib, kanalga tushgan va kuchli oqim ta’sirida qolgan bolalarni suvdan olib chiqqan. Shu tariqa ikki qizaloqning hayoti saqlab qolingan.

Qayd etilishicha, A’zam Ibrohimovning jasorati, matonati va fidokorona harakati “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati tomonidan munosib baholangan. Unga tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi hamda pul mukofoti topshirilgan.

Mutasaddilar bu kabi holatlarda fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda.