AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan tuziladigan ro‘yxat Amerika kompaniyalari va tashkilotlarini ushbu firmalar bilan hamkorlik qilishning ehtimoliy xavf-xatarlari haqida ogohlantirishga qaratilgan. Biroq, unga kiritish avtomatik ravishda sanksiyalar joriy etilishini anglatmaydi, deb yozdi BBC.

Xitoyning AQShdagi elchixonasi bergan izohda bu ro‘yxat «kamsituvchi» ekani va Xitoy kompaniyalari faoliyat yuritayotgan mamlakatlar qonunchiligiga qat’iy rioya qilishi ta’kidlanadi.

Alibaba vakillari kompaniyani ushbu ro‘yxatga kiritish uchun hech qanday asos ko‘rmayotganini alohida ta’kidladi.

Section 1260H nomi bilan tanilgan ro‘yxat 8 iyun kuni AQSh Federal reyestrida e’lon qilindi va Xitoyning bir qator yirik kompaniyalarini o‘z ichiga oladi. Bu qadam Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirishi mumkin.

Yangilanish Pentagon hujjatning avvalgi versiyasini hech qanday sababsiz avval e’lon qilib, keyin qaytarib olganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi.

Hozirgi ro‘yxat asosan fevral oyida qisqa muddatga paydo bo‘lgan versiyani takrorlaydi. Biroq, ilgari ro‘yxatdan chiqarilgan ikkita kompaniya yana ro‘yxatga kiritildi. Gap mikrochip ishlab chiqaruvchi ChangXin Memory Technologies va Yangtze Memory Technologies kompaniyalari haqida bormoqda.

AQSh Vakillar palatasining Xitoy bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi, respublikachi Jon Mulenarning aytishicha, yangilangan ro‘yxat Amerika biznesi, davlat tuzilmalari va jamiyati uchun ogohlantirish bo‘lishi kerak.

«Amerika kompaniyalari milliy xavfsizligimizga tahdid solayotgan ushbu kompaniyalar bilan hamkorlikni to‘xtatishi kerak, aks holda ular Xitoyning harbiy qudratini oshirishga hissa qo‘shish xavfi ostida qoladi», deyiladi uning bayonotida.

Umuman olganda, AQSh Mudofaa vazirligi 188 ta kompaniyani qora ro‘yxatga kiritgan. Bu korxonalarning ko‘pchiligi Amerika bozorida bevosita yoki bilvosita tijorat xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ularning ba’zilari, shuningdek, elektromobillar ishlab chiqarish va sun’iy intellektni rivojlantirish kabi sohalarda AQSh yirik kompaniyalari bilan raqobatlashmoqda.

Masalan, o‘z avtomobillarini Qo‘shma Shtatlarga yetkazib bermaydigan BYD kompaniyasi joriy yil boshida Tesla’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisiga aylandi.