Suv tejovchi bog‘lar uchun quduq suvi solig‘i 1 so‘m bo‘ladi, Markaziy bank omonatlarga soliq bo‘yicha rasmiy taklif yo‘qligini bildirdi, Toshkentda esa 80 mingga yaqin chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortildi. Shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan Kun.uz dayjyestida tanishtiramiz.
Markaziy bank omonatlarga soliq masalasiga aniqlik kiritdi
Markaziy bank bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlariga soliq joriy etilishi haqida tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirib, bu masala yuzasidan hech qanday rasmiy taklif kiritilmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, omonat foizlarini soliqqa tortish haqidagi fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida bildirilgan bo‘lib, u davlatning rasmiy tashabbusi hisoblanmaydi.
Markaziy bank iqtisodiy va moliyaviy sohadagi har qanday taklif uning bank tizimi va mamlakat moliyaviy barqarorligiga ta’siri har tomonlama baholangandan keyingina ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
Byudjyetdagi asossiz xarajatlar qisqartiriladi
Endi esa davlat mablag‘larini boshqarishga oid yana bir yangilik haqida. O‘zbekistonda davlat byudjyetini tuzish va ijro etish tartibiga kiritilgan yangi o‘zgarishlarga muvofiq, byudjyet so‘rovlaridagi asossiz yoki samaradorligi past xarajatlar qisqartiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, shunday xarajatlar aniqlangan taqdirda, bu haqda bildirishnoma olgan tashkilotlar uch ish kuni ichida yangilangan byudjyet so‘rovini taqdim etishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, mahalliy kengashlarning byudjyetni rejalashtirishdagi roli kengaytirildi, byudjyet mablag‘larini taqsimlovchilar esa kamida uch yillik rivojlantirish dasturlarini aniq natija ko‘rsatkichlari bilan ishlab chiqishi belgilandi.
Namanganda yashirin dori ombori aniqlandi
Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yashirin omborxonadan








