Oltindan tashqari eksport hajmi qariyb 29 foizga oshdi. Toshkentda “aqlli” transport tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda, Ohangaronda esa poyezd relsdan chiqib ketdi. Qashqadaryoda o‘zini davlat bilan tenglashtirgan amaldorning fuqaroga tahdid qilgani aks etgan video esa keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu va boshqa mahalliy yangiliklar bilan Kun.uz dayjyestida tanishtiramiz.

Oltindan tashqari eksport qariyb 29 foizga oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 41 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shu davrda eksport 15,9 milliard dollar, import esa 25,1 milliard dollarga yetdi.

Shu bilan birga, oltin hisobga olinmagan holda tovarlar eksporti 8,2 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshdi. Bu noxomashyo eksporti o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi.

Hisobot davrida O‘zbekiston 195 ta davlat bilan tashqi savdo aloqalarini amalga oshirgan. Eng katta ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston egallagan.

Toshkentda «aqlli» transport tizimi joriy etiladi

Toshkent shahrida transport harakatini samarali boshqarish va tirbandlikni kamaytirish maqsadida intellektual transport tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu borada Germaniya mutaxassislari ishtirokida texnik topshiriq ishlab chiqilgan, adaptiv svetoforlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash yuzasidan xalqaro kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, shaharda yo‘l o‘tkazgichlari, tonnellar, BRT yo‘laklari va ikki qavatli Toshkent halqa pulli avtomobil yo‘li kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda. Jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etish va avtobus bekatlarini yangilash ham rejaga kiritilgan.

Ma’lum qilinishicha, tirbandlik yuqori bo‘lgan chorrahalarda harakatni yaxshilash choralari ko‘rilgan, minglab zamonaviy svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilgan.

Ohangaronda poyezd relsdan chiqib ketdi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida manyovr teplovozi va to‘rtta tsisterna vagon relsdan chiqib ketdi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» ma’lum qilishicha, poyezd «LUKOYL»ga tegishli shoxobcha yo‘lidagi strelkali o‘tkazgichdan o‘tayotgan vaqtda relsdan chiqqan. Kompaniya ushbu temiryo‘l tarmog‘i o‘z tasarrufiga kirmasligini bildirgan.

Mutaxassislar ishtirokida poyezd va vagonlar o‘sha kunning o‘zida qayta relsga o‘rnatilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q, atrof muhitga ham zarar yetmagan.

Qashqadaryoda amaldor fuqaroni “oyog‘ining tagiga olmoqchi” bo‘ldi

Koson tumanida mansabdor va fuqaro o‘rtasidagi tortishuv aks etgan video tarqaldi. Unda amaldor fuqaroni haqoratlab, “San man bilan o‘ynadingmi, davlat bilan?!”, “Oyog‘imning tagiga olaman”, deya tahdid qilayotgani aks etgan.

Videodagi shaxs O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Koson tumani bo‘limi boshlig‘i Ubaydulla Ochilov bo‘lib, mojaro fuqarodan ko‘chaga to‘kilgan qumni olib tashlash talab qilinganidan so‘ng kelib chiqqan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi rasmiy munosabat bildirib, bunday muomala davlat xizmatchisi odob-axloq me’yorlariga mutlaqo zid ekanini ma’lum qildi. Uyushmaga ko‘ra, hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda va uning yakunlari bo‘yicha qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘riladi.

Buxoro va Qashqadaryoda yer masalasidagi korrupsiya holatlari fosh etildi

Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsiya holatlariga chek qo‘yildi.

Buxoroda Kadastrlar palatasi bo‘lim boshlig‘i Romitan tumanida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va unga tutash yer maydonini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Qashqadaryoda esa Ko‘kdala tumani investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi bosh mutaxassisi 1 sotix yer uchun kadastr hujjatlarini tayyorlatib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni va’da qilib, buning evaziga ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun 1246 koll-markazi ishga tushdi

Bolalarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar haqida xabar berish uchun 1246 qisqa raqamli koll-markaz ishga tushirildi. Ayni paytda u sinov rejimida faoliyat yuritmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qilishicha, mazkur raqam orqali bolaga nisbatan jismoniy, ruhiy yoki jinsiy zo‘ravonlik, beparvolik, shafqatsiz munosabat hamda uning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi boshqa holatlar haqida murojaat qilish mumkin.

Agentlikka ko‘ra, koll-markazga murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.