O‘zbekiston | 10:29
1079
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Investorlar uchun yangi huquqiy kafolatlar yaratiladi

O‘zbekistonda investorlar huquqlarini himoya qilish va xalqaro moliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. Uning ishtirokchilari uchun maxsus huquqiy rejim hamda 50 yillik soliq imtiyozlari joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.

Davlat rahbari investorlar uchun huquqiy kafolat tizimini yanada kuchaytirish mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, investorlar huquqlarini kuchli institutlar va xalqaro tan olingan mexanizmlar orqali ta’minlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan joriy yilning mart oyidan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Markazning huquqiy asoslari alohida Konstitutsiyaviy qonun bilan mustahkamlanadi.

Prezidentning ta’kidlashicha, markaz ishtirokchilari uchun jozibador soliq tizimi yaratiladi. Xususan, foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i hamda bojxona bojlari nol foiz etib belgilanadi. Shuningdek, kapitalning erkin harakati va istalgan valutada hisob-kitob qilish imkoniyati kafolatlanadi.

Markaz hududida moliyaviy texnologiyalar, raqamli aktivlar va «yashil» moliyani rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma shakllantiriladi. Bundan tashqari, normativ hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega mustaqil moliyaviy regulyator tashkil etiladi.

Dastlabki bosqichda mazkur imtiyozlar va maxsus rejimning amal qilish muddati 50 yil etib belgilanishi ma’lum qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid