Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident mutbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, barpo etilayotgan Yangi Toshkentda birinchi bosqichning oʻzida 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bogʻlari tashkil etiladi. «Yashil qurilish standartlari» asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.
Oʻtgan davrda Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr qurildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar boʻlgan yettita obyekt ishga tushirildi.
Bular «Sharq bahori» turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yoʻl va infratuzilma obyektlari, «Yangi Toshkent» 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, «Sohil bogʻi» istirohat bogʻi hamda 2 ming oʻrinli umumtaʼlim maktabidir.

Turkiyaning «MIMSAN» kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya hisobiga barpo etilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, ayni paytda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Xitoyning «Haocheng Industry Group Limited» kompaniyasi bilan qurilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yoʻli barpo etilib, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirgʻoq boʻylab 10 kilometrlik «Sohil bogʻi»da piyodalar va velosiped yoʻlaklari tashkil qilindi. «Sharq bahori» turar joy majmuasining ilk bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.

Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar boʻlgan yana oʻnta yirik loyiha qurilishiga start berildi.
Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Deep Tech park» sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yoʻnaltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar joylashtiriladi.















