Bu haqda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi direktorining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Ismatulla Doʻstmurodov brifingda maʼlum qildi.
Koʻchat ekish mavsumi quyidagi sanalarda boshlanadi:
1-noyabr - Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida;
5-noyabr - Buxoro va Navoiy viloyatlarida;
10-noyabr - Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida;
20-noyabr - Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida.
Mavsumda hududga mos koʻchat va toʻgʻri joy tanlash, oʻz vaqtida sugʻorish hamda tizimli parvarishga asosiy eʼtibor qaratiladi. Kuz-qish oylarida namlik yetarli boʻlishi koʻchatlarning tutib ketishi uchun qulay sharoit yaratishi qayd etildi.
Joriy kuzda 257 ta «Yashil bogʻ» va «Yashil jamoat parki» barpo etilishi belgilangan. 2030-yilgacha ularning sonini 1023 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Loyiha doirasida «3–30–300» xalqaro standarti ham joriy etiladi.
Koʻchat ekish va parvarishlashda aholiga koʻmaklashish uchun 1-oktabrdan qariyb 4200 nafar «oʻrmonchi murabbiy» 8992 ta mahallaga biriktirilgan. Ular mahallalarning koʻchatlarga boʻlgan buyurtmalarini shakllantirishga ham yordam beradi.
2027-yil 1-yanvardan har bir mahalla buyurtmasi asosida «Mahallani yashillashtirish» paketi joriy qilinadi. Uning doirasida koʻchat yetkazib berish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, organik oʻgʻit, mulcha hamda tejamkor sugʻorish vositalari bilan taʼminlash xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi.
Yer maydoni cheklangan mahallalarda, koʻp kvartirali uylar orasida, maktab va bogʻchalar hovlilarida mikrooʻrmonlar tashkil etiladi. Yer ajratish imkoni boʻlmagan yoki beton va asfalt qoplangan hududlarda esa jamoatchilik kichik bogʻlari yaratiladi.
Tuman va shaharlarning yashil dasturlarida bogʻlar, soyali sayr koʻchalari, koʻllar hamda yomgʻir, qor va oqova suvlarini toʻplab, qayta ishlaydigan suv tejovchi sugʻorish tizimlarini tashkil etish nazarda tutiladi.
















