Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholi geografiyasi: dunyo to‘rtta yirik demografik zonaga ajratildi
Yer shari aholisi soni bugungi kunda taxminan 8,3 milliard kishini tashkil etadi. Biroq odamlar sayyora bo‘ylab bir tekis taqsimlanmagan. Yangi infografikada dunyo xaritasi aholi soniga qarab shartli ravishda to‘rtta hududga bo‘lingan bo‘lib, har birida qariyb 2 milliard nafar inson yashaydi.
Ko‘k rang bilan belgilangan hudud eng katta maydonni egallaydi. Unga Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alari, Yevropa hamda Osiyoning shimoliy qismi kiradi. G‘arbiy yarimsharda taxminan 1,07 milliard kishi istiqomat qiladi. Yevropa aholisi esa Rossiya, Turkiya, Armaniston, Ozarboyjon va Gurjistonni qo‘shib hisoblaganda qariyb 843 million nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Mo‘g‘ulistonda yana 130 millionga yaqin aholi yashaydi. Umumiy hisobda mazkur hudud aholisi 2,05 milliard nafarga teng.

Yashil rangli zona Afrika, Yaqin Sharq davlatlari, Eron, Indoneziya, Avstraliya va Okeaniya mamlakatlarini qamrab oladi. Afrika aholisi qariyb 1,6 milliard kishidan iborat bo‘lsa, Yaqin Sharq mamlakatlarida (Turkiyadan tashqari) 305 millionga yaqin aholi yashaydi. Avstraliya va Okeaniya aholisi 47 million nafarni tashkil etadi. Indoneziyada esa taxminan 288 million kishi istiqomat qiladi. Shu tariqa ushbu hududning umumiy aholisi 2,21 milliard nafarga yetadi.
Qizil zonaga Xitoy, Yaponiya, Shimoliy va Janubiy Koreya hamda Janubi-Sharqiy Osiyoning bir qator davlatlari kiritilgan. Xitoy aholisi 1,4 milliarddan oshadi. Xitoy, Tayvan, Hongkong va Makao aholisini birgalikda hisoblaganda bu ko‘rsatkich 1,44 milliard nafarni tashkil etadi. Yaponiyada 123 million, Janubiy Koreyada 52 million, Shimoliy Koreyada esa 26 million kishi yashaydi. Indoneziyadan tashqari Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari aholisi 415 million nafarga yaqin. Natijada qizil zona aholisi qariyb 2,06 milliard kishini tashkil qiladi.
To‘q sariq rangli zona maydoni jihatidan eng kichik hudud hisoblanadi. Biroq unda dunyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat — Hindiston joylashgan. Shuningdek, hududga Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri-Lanka va Butan ham kiritilgan. Faqat Hindistonning o‘zida 1,47 milliarddan ortiq aholi yashaydi. Pokiston aholisi 259 million, Bangladesh aholisi 178 million kishini tashkil etadi. Nepalda 29,5 milliondan ziyod, Shri-Lankada 23 milliondan ortiq, Butanda esa 802 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Umumiy hisobda mazkur zona aholisi 1,97 milliard nafarga teng.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu raqamlar taxminiy bo‘lib, turli manbalarda aholini hisoblash uslublari, ma’lumotlarni yangilash vaqti va yaxlitlash sababli ozgina farq qilishi mumkin. Biroq infografika dunyo aholisi sayyora bo‘ylab naqadar notekis taqsimlanganini yaqqol namoyon etadi.