Ukrainalik harbiylar Qrimni Xerson oblastining RF nazoratidagi qismi bilan bog‘lovchi Shimoliy Qrim kanali orqali o‘tgan temiryo‘l ko‘prigi butunlay yakson etilganini ma’lum qildi.

Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari ko‘prikka zarba berilishi aks etgan videoni e’lon qildi. Ko‘prik vayron qilingani mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan, RF rasmiylari esa ukrainlar bayonotiga munosabat bildirmagan. Vayron qilingan ko‘prik Qrimni materik bilan bog‘lovchi uchta ko‘prikdan biri hisoblanardi.

Ukraina qurolli kuchlari 23 iyunga o‘tar kechasi ham dronlar bilan yopirilma hujum uyushtirgan. Kerchdagi issiqlik elektr stansiyasi ham hujum nishonlaridan biri bo‘lgan: stansiyada kuchli yong‘in chiqqan, bu yerda ko‘tarilgan tutun o‘nlab kilometr masofaga cho‘zilgan.

Yong‘in tufayli yarimorolda elektr ta’minotida uzilishlar boshlangan – Yevpatoriya, Saki, Jankoy, Krasnoperekopsk butunlay svetsiz qolgan. Yarimorolning RF tomonidan tayinlangan hukumati svet o‘chishini «elektr tarmoqlaridagi texnologik buzilish» bilan izohlagan. Qrimning ayrim rayonlarida elektr yakshanba kunidan buyon grafik bo‘yicha kuniga faqat bir necha soatga berilmoqda – ikki kun oldin ham Ukraina qurolli kuchlari regionning elektr ta’minot tizimiga hujum qilgandi.

So‘nggi haftalarda Ukraina dronlar orqali «yaqin frontorti» (front chizig‘idan bir necha o‘n kilometr masofadagi hududlar) bo‘ylab zarbalar berishni kuchaytirgach, Qrimdagi vaziyat mahalliy aholi uchun keskin yomonlashdi. Bu hududda Qrimni Xerson va Donetsk oblastlarining bosib olingan hududlari orqali Rossiyaning asosiy qismi bilan bog‘lovchi trassalar joylashgan. Dronlar yarimorolga turli mahsulotlar, jumladan, benzin olib kelayotgan yuk mashinalarga hujum qilmoqda.

Natijada Qrimda yoqilg‘i taqchilligi yuzaga keldi va yoqilg‘ini talon bo‘yicha sotish joriy etildi, 21 iyundan esa esa yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotish butunlay to‘xtatildi – yoqilg‘i faqat davlat xizmatlari mashinalariga quyib berilishi mumkin.

23 iyun kuni mahalliy rasmiylar Qrim ko‘prigi orqali yengil avtomobilda 200 litrgacha yoqilg‘i olib o‘tishga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Bungacha maksimal norma 100 litrni tashkil etardi – bunday cheklov Ukraina qurolli kuchlari ko‘prik orqali harakatlanuvchi transport vositalariga zarba berishi portlash hamda ko‘prik shikastlanishiga olib kelishi bo‘yicha xavotirlar tufayli kiritilgandi.

Rasmiylar regionga keluvchi sayyohlar ham yoqilg‘ini o‘zi bilan olib kelishini istamoqda. «Fontanka» Rossiya turizm sanoati ittifoqi vitse-prezidenti Georgiy Moxovga tayanib yozishicha, Feodosiya, Yevpatoriya va Yaltadagi mehmonxonalar mijozlarni kanistrlarda yoqilg‘i zaxirasiga ega bo‘lish va uni xavfsiz saqlash uchun sharoitlarni ta’minlash zarurligi haqida xabardor qilish bo‘yicha ko‘rsatma olgan.