DW xabariga koʻra, fon der Lyayen 11-oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilgan va X ijtimoiy tarmogʻida qoʻshimcha moliyalashtirish haqida maʼlum qilgan. U mablagʻning aniq miqdori va qaysi manbalardan ajratilishini ochiqlamagan.
Ukrainadagi vaziyat shu hafta boʻlib oʻtadigan Yevropa kengashi yigʻilishining asosiy mavzularidan biri boʻladi. Unda kelgusi yil uchun moliyaviy ehtiyojlar va yangi xalqaro koʻmakni jalb qilish yoʻllari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, Ukrainaning YeIga qoʻshilishi boʻyicha muzokaralarda yana ikkita mavzular klasteri ochilishiga qoʻyilgan toʻsiqlar bartaraf etilishini bildirgan.
Fon der Lyayen Zelenskiyning oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi chaqiruvini toʻliq qoʻllab-quvvatlaganini ham aytgan. Uning taʼkidlashicha, bunday kelishuv jahon oziq-ovqat taʼminoti hamda Ukraina va Rossiya energetika infratuzilmasini himoya qilishga yordam berishi mumkin.
Yevrokomissiya rahbari urush yanada ogʻir bosqichga kirganini qayd etgan. U Rossiyani frontda uzoqqa choʻzilgan urush olib borish bilan birga, front chizigʻidan ancha uzoqdagi tinch aholiga zarba berishda ayblagan.
Avvalroq, 2-oktabr kuni Yevrokomissiya Ukrainaga Ukraine Facility mexanizmi doirasida 2,9 milliard yevrolik navbatdagi transhni ajratishni maʼqullagan edi. Bu - dron va raketalar uchun eʼlon qilingan yangi mablagʻdan alohida, uzoq muddatli moliyaviy koʻmak mexanizmiga tegishli qaror.
Ukraine Facility 2024–2027-yillarga moʻljallangan boʻlib, shu davrda Ukrainaga 50 milliard yevrogacha barqaror moliyaviy yordam taqdim etishni nazarda tutadi.
Ushbu mexanizm boʻyicha toʻlovlar Ukrainaning tiklanish va islohotlar rejasini bajarishi, demokratik institutlar, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlashi bilan bogʻliq. Mablagʻlar belgilangan shartlar bajarilgani tekshirilgandan soʻng har chorakda ajratiladi.














