2016 yilda katta ekranlarga chiqqan “Gudzondagi mo‘jiza” filmini ko‘rgansiz. Unda filmning bosh qahramoni bo‘lgan uchuvchi nosozlik yuz bergan samolyotni Gudzon daryosiga muvaffaqiyatli qo‘ndiradi. Natijada hech kim halok bo‘lmaydi.
Bu film hayotiy voqea asosida suratga olingan va haqiqatan 2009 yilda uchuvchilardan biri nosozlik yuz bergan samolyotni Gudzon daryosiga favqulodda qo‘ndiradi.
Biroq samolyotni suvga qo‘ndirish har doim ham muvaffaqiyatli kechavermaydi. Ayniqsa uni qaroqchilar egallab olgan va uchuvchilardan okean osha boshqa qit’aga parvoz qilishni talab qilib turgan bo‘lsa.
Hozir hikoya qilmoqchi bo‘lgan hodisamiz Gudzondagi hodisadan 13 yil oldin, 1996 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda ekipaj komandiri samolyotni suvga majburiy tarzda qo‘ndirishga urinadi. Biroq u yerda Gudzondagi mo‘jiza sodir bo‘lmaydi.
Katta tezlikda suvga urilgan samolyot bo‘laklanib ketadi. Oqibatda uchuvchilar bilan birga 100 ga yaqin yo‘lovchi, shuningdek, samolyotni egallab olgan qaroqchilar ham halok bo‘ladi.

Qaroqchilar egallab olgan Boeing-767
1996 yil 23 noyabr. Ethiopian Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing-767 samolyoti Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan Kot-d’Ivuarning Abidjan shahri tomon parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi.
Samolyot parvoz davomida Keniyaning Nayrobi, Kongoning Brazzavil, Nigeriyaning Lagos shaharlariga qo‘nib o‘tishi lozim edi.
O‘sha kuni Boeing-767ʼda 163 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bor edi. Ekipaj komandiri 42 yoshli tajribali uchuvchi Leul Abete bo‘lib, u o‘shangacha 11 ming soatdan ortiq parvoz qilgandi.
Samolyot parvozni boshlaganidan 20 daqiqa o‘tib, yo‘lovchilardan biri o‘rnidan turadi va uchuvchilar kabinasi tomon yuradi. Unga yana ikki nafar yo‘lovchi qo‘shiladi.
Birinchi bo‘lib o‘rnidan turgan odam uchuvchilar kabinasiga yetmasdan ortga o‘giriladi va yo‘lovchilarga qarata “Hech kim o‘rnidan turmasin. Aks holda qo‘limdagi bombani portlataman”, deb baqiradi.
So‘ng o‘sha uch kishi uchuvchilar kabinasiga kiradi va ovozkuchaytirgich orqali samolyot qo‘lga olinganini aytib, yo‘lovchilardan tinch o‘tirishni talab qiladi.
Ular ikkinchi uchuvchini kabinadan quvib chiqaradi va eshikni ichkaridan yopib oladi. Keyin ekipaj komandiriga yo‘nalishni Avstraliya tomon o‘zgartirishni talab qiladi.











