Adliya vazirligi ma’lum qilişiça, «Yangi Özbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim taşkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlaş böyiça «Rektorlar maktabi» dasturi doirasida öqişga qabul qiliş tartibi töğrisidagi nizom 2026 yil 13 iyul kuni 3897-son bilan davlat röyxatidan ötkazildi.

Nizomga muvofiq, dasturda iştirok etiş uçun nomzodlar kamida 30 yoşga tölgan, magistr akademik darajasiga ega, oliy ta’lim sohasida kamida beş yillik iş tajribasiga, şu jumladan, rahbarlik lavozimlarida kamida ikki yillik iş stajiga ega bölişi lozim.

Qabul jarayoni tört bosqiçda taşkil etiladi. Ular hujjatlarni qabul qiliş va örganiş, test sinovlari, psixologik baholaş hamda suhbatdan iborat.

Nomzodlarning test, psixologik baholaş va suhbat natijalari böyiça töplagan umumiy ballari asosida reyting şakllantiriladi. Qabul kvotasi doirasida eng yuqori natija qayd etgan nomzodlar öqişga tavsiya qilinadi.

Şuningdek, nizomda hujjatlarni topşiriş tartibi, baholaş mezonlari, natijalarni e’lon qiliş, apellyatsiya beriş hamda qabul jarayonining şaffofligini ta’minlaş mexanizmlari ham belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16 apreldagi 177-son qaroriga muvofiq, davlat oliy ta’lim taşkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar faqat «Rektorlar maktabi» dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va rektorlar zaxirasiga kiritilgan şaxslar orasidan tanlab olinadi.